Varsham Nikitovich Yeremyan [1897.6(19).12, Togʻli Qorabog , Darnavarz qishlogʻi — 1963.12.2, Toshkent] — kino rassomi, grafik, rangtasvirchi rassom. Oʻzbekiston xalq rassomi (1944). Samarqand rassomlik maktabida (1918—21), Oʻzbekiston Rassomlari uyushmasi qoshidagi rassomlar malakasini oshirish studiyasida (1939—40) oʻqituvchi. 1934-yildan kinoda, 1944-yildan "Oʻzbekfilm"da bosh rassom. Ijodini Samarqand manzaralari aks ettirilgan etyudlar yaratish bilan boshlagan (Samarqand meʼmoriy obidalari aks etgan etyudlar turkumi, 1910—50-yillar). Ye.ning kinodagi ijodi ("Nasriddin Buxoroda", 1944; "Tohir va Zuhra", 1946; "Alisher Navoiy", 1947 va b.)Oʻrta Osiyo xalqlari madaniyati va maishiy hayotini tarixiy badiiy yoritilishining teranligi, koloritni chuqur his qilinishi, kompozitsiya yechimi bilan ajralib turadi. Shuningdek, portretlar ("Avtoportret", 1926) chizgan, kitoblarni badiiy bezagan (S. Ayniyning "Qullar", "Eski maktab" asarlarini birinchi boʻlib bezagan; "Tojik folklori", "Oʻzbek xalq ertaklari" va b.).[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil