Anafora (takror) - sheʻr yoki banddagi misra, gaplarning boshidagi soʻz yoki soʻz birikmasining boshqa misralar boshida aynan takrorlanib kelishi.

Misol:

Endi odam quldek sotilmas,
Endi odam oʻtga otilmas,
Endi unga qafas boʻlmas jon,
Endi dunyo boʻlmaydi zindon.

(Hamid Olimjon "Zaynab va Omon"dagi Sobir gapi)

Ushbu badiiy san'at usuli misra, matn boshidagi so'zning parallel holda takroridan iborat bо'lib, nutq figurasi termini bilan ham qo'llanib kelinmoqda. Ayrim manbalarda esa anafora boshlang'ich sо'z takrori deb ham qo'llaniladi. Boshlang'ich sо'z takrori sо'zlovchining hayajoni va diqqati qaratilgan tushunchani kо'rsatadi va ifodalilikni oshiradi, parallelizmni mustahkamlaydi.

Ta'riflar tahrir

Anafora termin sifatida ham bir qator tilshunos olimlarning ham diqqatini o'ziga qaratgan va ular bu so'zni yuqoridagi ma'lumotlarga qarama-qarshi bo'lmagan izohlar bilan ta'riflashgan. Jumladan, A.Hojiyevning anaforaga bergan ta'rifiga e'tibor qaratadigan bo'lsak, u quyidagicha: “Anafora (yun.anaphora – yuqoriga chiqarish). Parallel tuzilgan nutq parchalari (mas., misralar) boshida aynan bir unsurning takrorlanishidan iborat uslubiy qо'llanish. Zid. Epifora”. “Anafora – she'riy misralarning boshida yoki nasriy asardagi gaplarning oldida bir xil jaranglagan tovush, ohangdosh sо'z va iboralarning takrorlanib kelishi”. Bundan tashqari, yana bir olim U.Tо'ychiyev anafora (boshlang'ich sо'z takrori)ning fonetik, leksik, sintaktik, strofik kabi turlarini bir-biridan farqlaydi. Ushbu tahlillar bilan cheklanib qolmaslik uchun ularning qatorini yana quyidagi talqin bilan tо'ldirilishi maqsadga muvofiq: “Anafora (gr. anaphora-yuqoriga chiqarish sо'zidan) – stilistik figuralardan biri bо'lib, misralarning boshida yoki prozaik badiiy asarlardagi gaplarning oldida bir xil jaranglagan tovush, ohangdosh sо'z yoki iboralarning takrorlanib kelishi”. Shunday qilib, anafora misralar boshidagi yoki nasriy asarlarda jumlalar oldidagi tovush, sо'z va sо'z birikmasi takroridir[1].

Qo'llanilishi tahrir

Anafora badiiy san’atining qo’llanilishining asosiy sababi agar nazmda bo’lsa, ya’niki she’rda qo’llaniladigan bo’lsa, u quyidagi vazifalarni bajarishi mumkin.

  • she’riy matnning aniqligi va ritmini ko’taradi
  • ohangdorlik va ifodalilik darajasini oshiradi
  • ta’sirchanligini oshiradi
  • she’rning yod olinishi va qo'llanilish holatlarini oson qiladi.

Anofara she'riy matn, qolaversa, badiiy asarlar ya'ni dostonlar, qissalar, hikoyalar, romanlarda ham qo'llanishi mumkin. Anaforaning badiiy asarda qo’llanilishi, asarga quyidagicha mazmun bag’ishlashi mumkin:

  • asarning leytmotivi bo’lib xizmat qiladi;
  • muallifning o’ziga xos yozish uslubiyatini namoyon qiladi;
  • asarning eng mazmunli, o'quvchi uchun asar mohiyatini ochishga ko'mak beradigan qismini yorituvchi bo'lib ko’rinadigan fikrlar ta’kidlanadi.

Demak, anafora nafaqat she’riy nutqda, balki jumlalarning qismlari paragraflar boshida takrorlanganda, uslubiy vositani nasrda ham topish mumkin ekan. Nasriy asarlardagi anaforaga To'g'ay Murodning qator asarlarida duch kelishimiz mumkin.[2]

Yana shuni ta'kidlab o'tishimiz kerakki, anafora omonim termin hisoblanib, shaklan o'xshash bo'lgan terminni tilshunoslikda ham kuzatishimiz mumkin. Bu ikki hodisa bir-biridan tubdan farq qiladi. Tilshunoslikdagi anafora bu olmoshlar bilan bog'liq bo'lib, pragmalingvistika darsliklarida, qolaversa, maqola va ayrim tilshunoslik kitoblari orqali ma'lumotga ega bo'lishimiz mumkin.

Manbalar tahrir

  1. Shofroqov, Abdishukur „Anaforarticlea va uning uslubiy xususiyatlari“. https://t.me/ares_uz. Academic Research in Educational Sciences (2023-yil mart). Qaraldi: 3-may 2024-yil.
  2. Mirzayeva, D.I „Ingliz va o'zbek tilida anaforani ifodalaovchi vositalarning lingvopragmatik va limgvokultural tahlili“. www.iupr.ru/. "Экономика и социум" №5(108)-1 2023. Qaraldi: 3-may 2024-yil.

Adabiyotlar tahrir

  • Yо'ldoshev M. Badiiy matn va uning lingvopoetik tahlili asoslari. -T.: Fan, 2007. -B. 123.
  • Karimov S. Badiiy uslub va tilning ifoda tasvir vositalari. – Samarqand: SamDU, 1994. – B. 140.
  • Rixsiyeva G. She‟riyatdagi gaplarning aktual bо'linishida anaforalar о'rni: Filol. fanlari nomzodi ... diss. avtoref. – T., 1999. – B. 22.
  • Tо'ychiyev U. О„zbek adabiyotida badiiylik mezonlari va ularning maromlari. – T.:Yangi asr avlodi, 2011.

Havolalar tahrir