Anqaboy Xudoybaxtov (1905-yil, Jizzax – 1938-yil, Toshkent) – Oʻzbekiston kommunistik partiyasi Markaziy komiteti partiya nashriyoti bosh muharriri.

Anqaboy Xudoybaxtov
Tavalludi 1905-yil
Vafoti 1938-yil
Toshkent
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Taʼlimi Samarqand maorif instituti
Oʻrta Osiyo kommunistik universiteti
Faoliyat yillari 1922—1937
Otasi Xudobaxit Umirzaqov

Biografiyasi tahrir

Anqaboy Xudoybaxtov 1905-yilda Samarqand viloyati Jizzax uyezdi Oʻsmat qishlogʻida tugʻilgan. Otasi Xudobaxit Umirzaqov dehqon boʻlgan. Onasi Ruqiya ham kambagʻal dehqon oilasidan chiqqan. Oilaning umumiy mulki 2 tanob yer va bir ot boʻlgan.

1916-yilda ota-onasi vafot etgach 8 farzand boquvchisiz qoladi va turli oilalarga tarqatib yuboriladi.

Anqaboy Xudoybaxitov 1916—1918-yilgacha Samarqand viloyati Mobul volostining Jomboy tumanida bir qancha shaxslar qoʻlida batrak boʻlib ishlaydi. 1918-yilda Jizzaxda yetimxona ochiladi. Xudoybaxtov 1920-yilgacha shu yetimxonada tarbiyalanadi.

1920—1922-yillarda Samarqand maorif institutida oʻqigan, 1922-yildan 1924-yilga qadar Toshkentda joylashgan V. I. Lenin nomidagi Kommunistik universitetda tahsil oladi. 1923-yilda kommunistik partiya aʼzoligiga qabul qilinadi. 1924—1925-yillari „Zarafshon“ gazetasida mas‘ul muharrir oʻrinbosari boʻlib ishlaydi. 1925—1928-yillarda Moskva Oliy jurnalistika institutida oʻqigan.

1933—1936-yillarda Oʻzbekiston kommunistik partiyasi Markaziy komiteti partiya nashriyoti bosh muharriri boʻlib ishlagan.

1931-yilda Oʻzbekiston KP (b) MQning Surxondaryo okrugida bosmachilarga qarshi kurash olib borgan. 1936-yildan boshlab Respublika radio komitetiga mudir etib tayinlanadi. 1937-yil 1-iyulda ishdan boʻshatilgan.

1938-yil 5-oktyabrda boʻlib oʻtgan SSSR Harbiy kollegiyasi sayyor sessiyasida oʻlim jazosiga hukm qilingan. Shu kuni otib tashlangan. Anqaboyning familiyasi tergov hujjatlarida „Xudoybaxtov“, „Xudoybaxitov“, „Xudoyvohidov“ tarzida qayd etiladi. Uning tugʻilgan yili ham 1903 emas, „1905“, ikki yil yoshartirib yozilgan[2].

Xotira tahrir

1980-yillarda qatagʻon haqida tadqiqot olib borgan jurnalist Islom Usmonov nohaq qurbon boʻlgan bir qator oʻzbek ziyolilari, jumladan, Anqaboy Xudoybaxtov haqida maqolalar eʼlon qildi. Bu insonning hayoti va faoliyati haqidagi maʼlumotlarga ancha aniqlik kiritdi. Shundan soʻng Anqaboy Xudoybaxtov tugʻilib oʻsgan qishloqdagi maktabga uning nomi berilib, uy-muzeyi tashkil qilindi, xotira tadbirlari oʻtkazildi[3]. Samarqand shahridagi ko'chalardan biriga uning nomi berilgan.

Manbalar tahrir

  1. „Shavkat Mirziyoyev jizzaxlik jadidchilarni yodga oldi“. Qaraldi: 13-sentabr 2023-yil.
  2. „Анқабой Худойбахтов ким бўлган?“ (2019-yil 4-sentyabr). Qaraldi: 2023-yil 13-sentyabr.
  3. „Anqaboy Xudoybaxtov“. Qaraldi: 13-sentabr 2023-yil. [sayt ishlamaydi]