Bahrom Davlatshoyev (1871-yil, Kattaqoʻrgʻon — ?, Arxangelsk) — „Yosh buxoroliklar“ partiyasi aʼzosi. Kattaqoʻrgʻon shahar moliya boʻlimida ishlagan.

Bahrom Davlatshoyev
Tavalludi 1871-yil
Vafoti Arxangelsk
Fuqaroligi Buxoro amirligi, Buxoro Xalq Sovet Respublikasi, SSSR
Kasbi Shoir, yozuvchi
Faoliyat yillari 19101929
Otasi Davlatsho

Bahrom Davlatshoyev 1871-yilda Kattaqoʻrgʻonda tugʻilgan. Otasi Davlatshoning millati tatar boʻlib, tikuvchilik bilan shugʻullangan.

Bahrom Davlatshoyev oʻrta taʼlimni ham eski maktab, ham yevropacha maktablarda olgan. Shundan keyin Buxoro amiri xizmatiga kirib, dastlab miroxoʻr, soʻng amirning shaxsiy tilmochi vazifalarini bajargan. Bahrom Davlatshoyev Buxoro vohasida saroy mulozimi, maʼrifatparvar shoir sifatida tanilgan. 1910-yili uning birinchi sheʼriy toʻplami bosmadan chiqqan. Buxorodagi jadidchilik harakati vakili, „Yosh buxoroliklar“ tashkilotining faollaridan biri sifatida „Buxoroi Sharif“ roʻznomasini tayyorlashda ishtirok etgan. Muso Saidjonov qoʻl ostidagi „Barakat“ Buxoro kitob doʻkoni muassislaridan biri boʻlgan.

Rossiyada yuz bergan fevral inqilobidan keyin „Yosh buxoroliklar“ Buxoro amirligining kelajagi masalasida Mirzo Ibrohim Subhiyning uyida majlis oʻtkazadilar. Majlis yakuniy qarori bilan jadidlar Muvaqqat hukumat bilan aloqa oʻrnatib, Buxoro hukumati uchun mustaqillik soʻrashga kelishib olganlar. Shundan soʻng „Yosh buxoroliklar“ Muvaqqat hukumat nomiga telegramma yozishni tashkil etadi. Telegrammani Bahrom Davlatshoyev yozganligi sababli amir qahr-gʻazabidan qoʻrqib, Orenburg shahriga joʻnaydi. Orenburgda vaqti „Vaqt“ roʻznomasida ishlay boshlaydi. Biroz muddat oʻtib, „Yosh buxoroliklar“ qoʻmitasi „Vaqt“ gazetasi tahririyatiga telegramma yozadi. Unda Bahrom Davlatshoyevning tezlik bilan Petrogradga borishi va Muvaqqat hukumatdan Buxoro uchun mustaqillik soʻrashi talab etiladi. Bahrom Davlatshoyev partiyaning buyrugʻini bajarish uchun 1917-yil martida Petrogradga yoʻl oladi. Davlatshoyev musulmon fraksiyasi orqali Muvaqqat hukumatdan Buxoro amiridan „Yosh buxoroliklar“ uchun toʻla erkinlik berilishini soʻraydi. Ikki kun oʻtib, Bahrom Davlatshoyevga ushbu masala yuzasidan Buxoro shahriga telegramma va uch kishilik guruh joʻnatilayotgani maʼlum qilinadi. Davlatshoyev Buxoroga qaytishda Orenburg vokzalida „Yosh Buxoroliklar“ faollaridan biri Fitratni uchratadi. „Yosh buxoroliklar“ qoʻmitasi Fitratni ham Peterburgga ushbu vazifa bilan yoʻllagan edi. Fitrat va Davlatshoyev birga Buxoroga qaytadi[1].

Bahrom Davlatshoyev shoʻrolar hukumatining ilk kunlaridan unga qarshi kurashga kirishadi. Kolesov voqeasi vaqtida masjidlarga borib hammani shoʻrolarga qarshi kurashga, qoʻlga qurol olishga chaqiradi. Kolesov voqealaridan keyin Eski Buxoroni tark etib, Kattaqoʻrgʻonga qaytib masjid imomi sifatida faoliyat yuritadi. 1920-yilda Buxoro inqilobidan keyin Eski Buxoroga qaytadi. Fayzulla Xoʻjaev hukumati uni 1917-yil Petrogradga safari uchun xarajatlarini hisoblab, 50 ming soʻm miqdorida pul ajratadi hamda amir tomonidan musodara etilgan Eski Buxorodagi uyini oʻziga qaytarib beradi.

1921-yilda Buxoro Xalq Sovet Respublikasida dastlab xalq tergovchisi, soʻng hukumat idorasi xodimi vazifalarida ishlaydi. Buxoro matbuoti sahifalarida turli chiqishlar qiladi. Biroq shoʻrolarning hokimiyatni toʻliq qoʻlga olishiga tish tirnogʻi bilan qarshi boʻlgan. Shuning uchun uni Buxoroda sovet hukumatiga qarshi qoʻzgʻolon uyushtirayotganlikda ayblab, hibsga olishadi[2]. 1923-yilda qamoqdan chiqib, Buxoro shahridagi bir vaqtlar amir tomonidan berilgan uyini sotib, Kattaqoʻrgʻon shahriga koʻchib oʻtadi.

Bahrom Davlatshoyev Kattaqoʻrgʻonda yana Turkiston Respublikasi MIQ tomonidan shaharning moliya boʻlimiga ishga qabul qilinadi.

Qatagʻon etilishi tahrir

1929-yilning 5-noyabrida Bahrom Davlatshoyev boshchiligida Kattaqoʻrgʻon va shu atrofda yashagan sobiq gildiya savdogarlari, dindorlar quloq deb topiladi. Davlatshoyevning uyida tintuv oʻtkazilib, katta kutubxonasi, 4 tarjima asari va boshqa asarlari olib qoʻyilgan.

1930-yil 23-aprelda OGPU majlisida Bahrom Davlatshoyev 5 yil Sevkrayga konslageriga hukm qilinadi. Bahrom Davlatshoyev jazoni oʻtash vaqtida Arxangelskda vafot etgani haqida maʼlumot mavjud. Biroq boshqa hech bir tafsilot uchramaydi.

Manbalar tahrir

  1. „Bahrom Davlatshoev“. 2023-yil 23-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 23-iyul 2023-yil.
  2. „Bahrom Davlatshoyev kim edi?“. Qaraldi: 23-iyul 2023-yil.