Sohibqiron Amir Temur faoliyatidagi mag‘lubiyat — Loy jangi haqida tahrir

 
Loy jangi — 1365-yil 22-mayda Moʻgʻuliston xoni Ilyosxoʻja qoʻshini bilan Movarounnahr amirlari Amir Temur va Amir Husaynning ittifoqchi qoʻshinlari oʻrtasida Chirchiq daryosi boʻyida boʻlib oʻtgan yirik jang. Chagʻatoy ulusi ikki qismga — Moʻgʻuliston va Movarounnahrga parchalanganidan keyin bu hududlar hukmdorlari oʻrtasida urush boshlandi. Joy : Oʻzbekiston , Toshkent , Chinoz Sana : 1365 yil 22 may Natija : Amir Temur va Amir Husaynning mag'lubiyati

Musulmon va turkiy olamda eng katta imperiyalardan birini barpo etgan Amir Temur jang maydonlaridagi ulkan g‘alabalari bilan mashhur. Biroq buyuk sarkardaning faoliyatida mag‘lubiyat ham bo‘lgan. Jumladan, 1365-yil 22—23-may kunlari bo‘lib o‘tgan, sohibqironning mag‘lubiyatli yurishi — “Loy jangi” haqida Otajonov Otajon hikoya qiladi.

Urushdan oldingi vaziyat tahrir

XIV asr o‘rtalarida Chig‘atoy ulusi ikkiga (Mo‘g‘uliston va Movarounnahr) bo‘linib ketgach, uning Movarounnahr qismida ichki kurashlar kuchayib ketadi. Bundan foydalangan Mo‘g‘uliston hukmdori Tug‘luq Temur Movarounnahrga bostirib kirib o‘z hukmronligini o‘rnatadi. Katta siyosiy maydonga endi kirib kelayotgan yosh Amir Temur uning Kesh viloyatidagi dorug‘asi (hokimi) etib tayinlanadi. Amir Temur aholi tinchligini va kuchlar notengligini hisobga olib Tug‘luq Temur xizmatiga o‘tgandi, biroq biroz o‘tib u va Tug‘luq Temurning o‘g‘li Ilyosxo‘ja o‘rtasida kelishmovchilik boshlanadi, natijada Amir Temur Movarounnahrdan quvg‘in qilinadi.

Quvg‘inda yurganida Balx hukmdori Amir Husayn bilan tanishib qolgan Amir Temur uning singlisiga uylandi va shu orqali ular o‘rtasida ittifoq yuzaga keladi. 1362-yil Tug‘luq Temur vafot etgach ittifoqchilar Movarounnahrni ozod qilishga kirishadi, Tug‘luq Temurning o‘g‘li Ilyosxo‘ja mag‘lubiyatga uchrab Sharqiy Turkistonga chekinadi.

1365-yil katta qo‘shin to‘plagan Ilyosxo‘ja Movarounnahrga qayta bostirib kiradi. Bundan xabar topgan Amir Temur va Amir Husaynlar unga qarshi chiqish uchun qo‘shin yig‘ib, Sirdaryo tomon lashkar tortadi. Ikki qo‘shin hozirgi Toshkent va Chinoz orasida, Sirdaryo daryosi bo‘yida to‘qnash keladi.

Jangning boshlanishi tahrir

1365-yilning 22-may kuni jang boshlandi. Amir Temur va Amir Husayn birlashgan kuchlari son jihatdan Ilyosxo‘ja qo‘shinidan ancha ko‘p edi. Qo‘shinning o‘ng qanotida Amir Husayn, juvong‘orda (chapda) esa Amir Temur lashkari joylashdi.

Ushbu jangda Amir Temurga sarkardalar O‘ljaytu, Qutlush Salonchi orlot, Po‘lat-Bug‘u va Malik bahodirlar yordam beradi.

22-may kuni ertalab ikkala qo‘shin bir-biriga qarshi saf tortadi. Amir Temur Qutlush Salonchi orlotga dushman chap qanotiga zarba berishni buyuradi. Ammo Salonchi orlot amir Shamsiddin boshliq mo‘g‘ul kuchlaridan yengilib ortga chekinadi. Amir Shamsiddin hujumni davom ettirib Amir Husayn qanotiga zarba beradi, Amir Husayn lashkari qarshilik ko‘rsatolmasdan chekina boshlaydi. Voqealar rivojini kuzatib turgan Amir Temur o‘zi amir Shamsiddinga qarshi yuradi va uni chekinishga majbur qiladi.  Tartibsiz chekinayotgan mo‘g‘ul qo‘shinini butunlay mag‘lub etish uchun Amir Temur Amir Husaynga odam yuborib dushman chap qanotiga hujum qilishni  va u bilan kuchlarni birlashtirishi kerakligini buyuradi. Chunki mo‘g‘ul kuchlari tartibi buzilgan, Amir Temur fursatdan foydalanib raqibni batamom tor-mor qilmoqchi edi. Ammo Amir Husayn hech qanday sababsiz Amir Temurga madadga kelmaydi. Tarixchilarning fikricha, kalondimog‘ Amir Husayn Amir Temur unga buyruq berib, o‘zining ustunligini o‘rnatmoqchi deb o‘ylab, yordamni paysalga solgan. Qolaversa amir dushman hujumidan qo‘rqib ham qolgandi.

Amir Husayn qo‘shini hujumga o‘tmayotganini ko‘rgan Amir Temur noiloj chekinadi. Ilyosxo‘ja askarlari ham chekinib, qayta tartibga keltiriladi. Kechga kelib Amir Husayn qo‘shini Amir Temur qo‘shiniga kelib qo‘shiladi. Biroq qulay vaziyat boy berilgandi.

Ertasi kuni hal qiluvchi jang boshlandi. Ba’zi manbalarga ko‘ra Ilyosxo‘ja yengilishi mumkinligini bilib qadimiy shomonlarning “yadachi” (yomg‘ir yog‘ish) marosimini o‘tkazgan.

Osmonni bulut qoplab, qattiq sel boshlanadi. Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sida “Bisyor kishi balchiqda qoldi va zabun bo‘lg‘on dushmanlar kuchlanib, murodlari bilan qilich urib, o‘n ming kishi anda talaf bo‘ldi va bu voqea Ramazonning avvalida, torix yetti yuz oltmish oltida, yilon yilda voqi’ bo‘ldi” deya ushbu jang voqealarini tasvirlagan.

Qattiq yomg‘irga qaramasdan Amir Temur va Amir Husayn kuchlari Ilyosxo‘ja qo‘shiniga zarba berib, ularni chekinishga majbur qiladi. Chekinayotgan dushmanni taqib qilayotib ular mo‘g‘ullar qo‘mondoni amir Shamsiddin pistirmasiga tushadi. Amir Temur unga qarshi mingta otliqni jo‘natadi, ammo son jihatdan ustun bo‘lgan amir Shamsiddin kuchlari ularni mag‘lub etdi. Bu orada chekinayotgan Ilyosxo‘ja ham qo‘shinlarini tartibga keltirib, qarshi hujumga o‘tadi. Shiddatli jang kechgacha davom etib Amir Temur va Amir Husaynning mag‘lubiyati bilan tugaydi.

Jang, shubhasiz, Amir Husaynning taktik xatosi tufayli boy berilgandi. Birinchi kunning o‘zidayoq Amir Temur bilan birgalikda hujumga o‘tib mo‘g‘ul lashkarini butunlay tor-mor etish mumkin edi.

Yuqoridagi sabab bilan bir qatorda mo‘g‘ullarning tajribali qo‘mondoni amir Shamsiddin harakatlarini ham e’tibordan chetda qoldirmaslik kerak. Amir Temurga qaraganda ancha ko‘p muhorabalarni ko‘rgan bu sarkarda jangning yakuniy qismida burilish yasay oldi.

To‘qnashuv natijalari tahrir

“Loy jangi”dagi mag‘lubiyatdan keyin Amir Temur Keshga chekinadi, Amir Husayn esa Balxga qaytib ketadi.

Ilyosxo‘ja deyarli qarshiliksiz Xo‘jand va Jizzaxni egallab, Samarqandga qarab yuradi. Biroq bu yerda mo‘g‘ullarni Samarqand sarbadorlari to‘xtatib qoladi. Mo‘g‘ul lashkari otlari orasida o‘lat tarqalib Ilyosxo‘ja Sharqiy Turkistonga qaytib ketadi.

Garchi Ilyosxo‘ja boshliq jete (mo‘g‘ul) qo‘shini Movarounnahrdan quvib chiqarilgan bo‘lsa ham, Amir Temur va qaynag‘asi Amir Husayn orasidagi munosabatlar uzildi, ular endi dushmanga aylangan edi.

Tuzuvchi tahrir

Ogahiy ijod maktabining 8-A sinf o'quvchisi Otajonov Otajon O'zbekiston Tarixi fanidan berilgan "Loy jangi:G'alaba qozonaman" nomli loyiha ishi uchun maxsus tayyorlandi

Adabiyotlar tahrir

  1. https://daryo.uz/2021/05/23/sohibqiron-amir-temur-faoliyatidagi-maglubiyat-loy-jangi-haqida Daryo.uz
  2. https://uz.wikipedia.org/wiki/Jangi_loy Wikipeida