Chorchinor ziyoratgohi – Samarqand viloyati Urgut tumanida joylashgan yodgorlik. Urgut shahar markazidan uch kilometr uzoqlikda joylashgan[1].

Chorchinor ziyoratgohi
Xoʻja Chorchinor
Joylashuv Samarqand
Binokor usta Abduqodir
Xarita
Koordinatalari 39.386415°0′0″N 67.240182°0′0″E / 39.38641°N 67.24018°E / 39.38641; 67.24018 G OKoordinatalari: 39.386415°0′0″N 67.240182°0′0″E / 39.38641°N 67.24018°E / 39.38641; 67.24018 G O

Rivoyatlarga koʻra arab sarkardasi Xoja Abu Tolib Urgut hududlarini qoʻlga kiritadi va buloq boshida toʻrt dona chinor ektiradi. Abu Tolib taxminan 866—867-yillarda vafot etganidan soʻng ushbu chinorlar yaqinida dafn etilgan.

Chorchinor majmuasi tarkibida 1914-yili Shayx Muhiddinxon barpo etgan masjid bor. Masjiddan avvallari madrasa sifatida foydalanilgan. Ushbu bino 1868—1934-yillarda usta Abduqodir tomonidan qurilgan. 1927-yilga qadar ushbu madrasada Urgutdan tashqari shu atrofdagi hududlardan kelgan talabalar ham saboq olgan. Majmuaning ichki qismida bir qancha qabrlar mavjud boʻlib, ulardan biri taniqli eshonlardan 1842—1915-yillarda yashagan Valixon Ismoilxoʻja oʻgʻliga tegishli. Valixon Ismoilxoʻja oʻgʻli Buxorodagi Mir Arab madrasasida mudarris boʻlgan. Eshonning oʻgʻillari Shayx Muhiddinxon (1875-1931-yillarda yashagan) ham Urgutda tugʻilgan, otasi singari Buxorodagi madrasalarda mudarrislik qilgan[2]. 1906—1983-yillarda yashagan Muhiddinxonning oʻgʻli Shayx Qutbiddinxon OʻzSSRning mashhur sharqshunos olimlaridan boʻlgan. Inshoot atrofida eski qabriston joylashgan. Qabristonda Urgutda hukmdorlik qilgan shaxslar shu joyga dafn qilingan. Rivoyatlarga koʻra hududdagi chinorlarning yoshi 1000 yildan oshadi.

Sovetlar hukumati boshqaruvi davrida majmuadan biroz muddat bolsheviklar majlis oʻtkazadigan joy sifatida foydalangan. Undan soʻng maktab vazifasini bajargan.

Majmua atrofida Urgut beklari tomonidan madrasa va masjid ham qurilgan. Chorchinor ziyoratgohining janubiy tomonidan buloq sizib chiqadi. Majmuaning aholi orasida Xoʻja Chorchinor degan nomi ham mashhur. Chinorlardan biri 1162-yilda ekilgan, balandligi 35 metrni tashkil qiladi. Chinorlardan birining ildizlari gʻor hosil qilgan. Gʻor ichidagi joyning kengligi 16 metrga yetadi. Bu yerga oʻymakor yogʻoch eshik orqali kirish mumkin. Ichkarida devorlar qisman gʻisht bilan bilan qurilgan. Gʻor oʻnga yaqin odamni sigʻdira oladi[3].

Manbalar tahrir

  1. „«ХЎЖА ЧОРЧИНОР» зиёратгоҳи“. Qaraldi: 27-sentabr 2023-yil.
  2. Qulmatov Sh, Berdimurodov A. Samarqand yodgorliklari. Samarqand Imom Buxoriy xalqaro markazi 2017 — 145 bet. ISBN 978-9943-4783-8-1. 
  3. „Сад Чор–Чинор“. Qaraldi: 27-sentabr 2023-yil.