Farosat ilmi – insonning tashqi koʻrinishiga qarab ichki dunyosida yuz berayotgan jarayonlar, qanday fikr-qarashlarga egaligi, nimani va qanday narsalarni oʻylayotganini anglashga qaratilgan, bir soʻz bilan aytganda, odamning zohiriga qarab botinini oʻrganadigan, yuz berayotgan jarayonlar qanday oʻzgarishlarga olib kelishini asosli bashorat qiladigan fan hisoblanadi.

Tarixi tahrir

Farosat ilmi IX asr boshlaridan XV asrgacha yuksalish bosqichida bo‘lgan. Bu fan koʻp asrlar mobaynida Sharq mamlakatlarida oliy madrasa taʼlimi tizimida markaziy oʻrinni egallagan. Asosan, Movarounnahr va Xurosonda keng yoyilgan. U madrasada oʻrganilayotgan turli yoʻnalishdagi darslar mazmunini uygʻunlashtiruvchi fan sifatida alohida ahamiyat kasb etgan. Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Balx, Qoʻqon, Hirot va Bagʻdod oliy madrasalarida farosat ilmi talabalarga toʻrt yil mobaynida oʻtilib, fan yuzasidan maxsus bitiruv imtihoni olingan. Imtihondan muvaffaqiyatli oʻta olmagan bitiruvchi oʻz hisobidan yana bir yil madrasada qolib alohida dastur asosida tahsil olishga majbur boʻlgan. Mabodo talaba ikkinchi marotaba ham yetarli darajada salohiyat namoyon eta olmasa, unga qayta imtihon topshirish huquqi berilmagan va umumiy maʼrifati nisbatan sust deb hisoblangan chekka qishloq masjidiga soʻfi lavozimiga tayinlanib joʻnatilgan.

Asarlar tahrir

Farosat ilmi haqida quyidagi bir qator asarlarda atroflicha maʼlumotlar berilgan:

  • Xondamir „Habib us-siyar“
  • Mustafo ibn Hoji Xalifa „Kalif az-zunun an asom al-kutub va al-funun“
  • Soʻfi Olloyor „Sabot ul-ojizin“
  • Alisher Navoiy „Mahbub ul-qulub“, „Majolis un-nafois“
  • Faxriddin Ali Safiy „Rashahotu aynul-hayot“
  • Muhammad Siddiq Rushdiy „Avliyolar sultoni. Turonlik valiylar“

Boshqa fanlar bilan aloqasi tahrir

Farosat ilmi oʻz rivojida sotsiologiya, psixologiya, falsafa, pedagogika, xiromantiya, frenologiya, semiotika, iqlim, rang, tovush, hid bilan bogʻliq hodisalarni maxsus oʻrganuvchi fanlarga tayanadi[1].

Yondashuvlar tahrir

O‘rta asrlarda Farosat ilmiga erishishda ikki xil yondashuv ustuvor ilmiy ahamiyatga ega bo‘lgan.

  • Birinchi yo‘l "mashshoiylar" bo‘lib, unga ko‘ra borliqdagi narsa-hodisalar va tushunchalarni dalillar, faktlar yordamidagina o‘rganish mumkin degan qarashlarni ifoda etadilar. Bu yo‘l tarafdorlari o‘zlarini Aristotel izdoshlari deb sanaydilar.
  • Ikkinchi yo‘l tarafdorlari esa o‘zlarini "ishroqiylar" deb ataydilar va borliqdagi narsa-hodisalarni faqat mushohada va sezgi yo‘li yordamidagina o‘rganish mumkin deb hisoblaydilar. Bu yo‘l tarafdorlari o‘zlarini platonizm (Aflotun) izdoshlari deb sanaydilar[2].

Manbalar tahrir

  1. Mansur Bekmurodov, "Farosat ilmi" o‘quv qo‘llanma, T: G‘afur G‘ulom, 2022. 14-bet. 
  2. G‘iyosiddin Xondamir, Makorim ul-axloq. - T: G‘afur G‘ulom, 2015. - 32-bet.