Kamol Turbatiy (15-asr, Turbat) – fors-tojik shoiri.

Asosan Tabriz va Mashhadda yashab ijod qilgan. Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois”da maʼlumot berishicha, “koʻp diqqatliq, tabʼliq kishi erdi. Xoja Hofiz gʻazallaridan koʻp muxammas qilibdur”.

Koʻpdan buyon koʻrishish orzusida yurgan Navoiy Mashhadda tahsil olayotganida bir hujrada kasal boʻlib, yolgʻiz va qarovsiz yotgan paytida tanishish baxtiga muyassar boʻladi. Qurbon hayiti arafasida muqaddas joylarni ziyorat qilish, beva-bechoralardan hol-ahvol soʻrash odatga aylangan. Shunda shoir yotgan madrasaga ham tashrif buyurgan bir guruh kishilar devorga bitilgan sheʼr ustida bahslashib qoladilar. Ular orasidagi yoshi ulugʻ bir kishi boshqalarga oʻz fikrini oʻtkazib, sheriklarini mulzam qiladi. Shunda Navoiy xasta boʻlsa ham bahsga sabab boʻlgan masalaga doir oʻzining munosabatini bildiradi. Buni eshitgan yoshi ulugʻ kishi oʻz fikridan qaytib, yosh Navoiyga tahsin aytadi. Keyin maʼlum boʻlishicha, u haj safariga otlangan va Mashhadda toʻxtagan K.T. ekan. U ham Navoiy haqida koʻp eshitgan va uni bir koʻrishga orzumand edi. Kamol Turbatiy manziliga qaytgach, Navoiyga hayitlik yuboradi va uning ahvo­lidan xabar olib turadi. Haj safaridan qaytib kelgach, Turbatda vafot etadi[1][2].

Manbalar tahrir

  1. Alisher Navoiy: Qomusiy lug'at. 
  2. Majolis un-nafois.