Korovin shirachi (lotincha: Eremurus korovinii) – bir urugʻpallalilar sinfi, piyozdoshlar oilasi, shirach turkumiga mansub ko‘p yillik gulli oʻsimlik turi. Oʻzbekiston Respublikasi Qizil kitobiga kamyob, endemik tur sifatida kiritilgan. Toshkent viloyati Qurama togʻ tizmasi va Kandirdovon hududida tarqalgan. Togʻlarning toshli yonbagʻirlarida, shagʻalli va toshli yerlarda oʻsadi[1].

Korovin shirachi
Ilmiy tasniflashUshbu tasnifni tahrirlash
Olam: Eukariotlar
Tip: Yuksak o‘simliklar
Sinf: Bir urugʻpallalilar
Turkum: Shirach
Oila: Piyozdoshlar
Binar nomi
Eremurus korovinii

Tavsifi tahrir

Boʻyi 80 sm gacha yetadigan koʻp yillik oʻt oʻsimlik. Popuk ildiz tizimiga ega. Ildizpoyasi qisqargan, nursimon joylashgan, boʻlaklari biroz yogʻonlashgan. Barglari ingichka, qalami nashtarsimon, qirrasi koʻkimtir, yuzasi qisqa tukli, bandsiz poyani ostki qismi bilan oʻrab turadi, uzunligi 30 sm, eni 2 sm. Toʻpguli keng silindrsimon, shingil shaklida. Gultojibarglari qoʻshilmagan, erkin, uzunligi 15-18 mm. Gullari keng qoʻngʻiroqsimon, ikki jinsli urug‘chibargi va changchisi bitta gulda oʻrnashgan, tubida sariq dogʻi bor. Gultojibarglari och pushti tusda. Hasharotlar yordamida changlanadi. Iyul oyida gullab avgust oyida urug‘ beradi. Mevasi quruq boʻlaklarga boʻlingan, koʻsak meva. Urugʻi va ildizpoyasi orqali koʻpayadi.

Tarqalishi va oʻsish sharoiti tahrir

Tabiatda kam tarqalgan, yoʻqolib ketish arafasidagi tur. Toshkent viloyati Qurama togʻ tizmasi va Kandirdovon hududidan topilgan. Togʻlarning toshli yonbagʻirlarida quyosh nuri tik tushmaydigan yerlarda oʻsadi. Kandirdovon hududidan chorva mollarining koʻplab haydab oʻtilishi natijasida oʻsimlik hayvonlar tuyogʻi ostida qolib ezilib ketadi. Chatqol biosfera qoʻriqxonasi hududida muhofaza ostiga olingan[2].

Manbalar tahrir

  1. „Eremurus korovinii B. Fedtsch.“.
  2. O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobi I jild, 2019.