Mahmud ad-Dabusiy (arabcha: محمود الدبوسي) – faqih

Toʻliq ismi Abulqosim Mahmud ibn Maymun ibn Muhammad ibn Abdulloh ibn Bakr Majja ad-Dabusiy boʻlib, Abulqosim uning kunyasi (laqabi)dir. U fozil faqih va shayx boʻlib, Maymun ad-Dabusiyning oʻgʻlidir. Mahmud ad-Dabusiy Marvda tugʻilganligiga qaramay „Dabusiy“ nisbasi berilishining sababi, otasi Maymun ad-Dabusiy asli dabusiyalik boʻlganligi uchundir. Abulqosim Mahmud ad-Dabusiy munozaralarni va jumboqli masalalarni echuvchi faqih darajasiga erishgan[1].

Ustoz va shogirdlari tahrir

Mahmud ad-Dabusiy boshlangʻich taʼlimni tugʻilib oʻsgan shahri Marvda Imom Abu Yoqub Yusuf ibn Ayyub al-Hamadoniy va Abu Mansur Muhammad ibn Ali al-Karoʻiy kabi olimlardan olgan. U Nisaburda Abu Abdulloh Muhammad ibn Fazl al-Faroviy va Abu Muzlim Abdulmunim ibn Abdulqosim al-Qushayriylardan hadis tinglagan. Tojuddin ibn Ali as-Sabkiyning „Tabaqotu ash-Shofeʼiyyati-l-kabir“ asarida keltirilishicha Mahmud ad-Dabusiydan Abulqosim ad-Damashqiy hadislar yozib olgan.

Safari tahrir

Uning bolalikdan ilm olish va hadis jamlashga ishtiyoqi baland boʻlganligi bois, taʼlim olish va hadis toʻplash niyatida Xavaron, Tus va Nisabur kabi oʻz davrining ilm-maʼrifat maskanlari boʻlgan shaharlarga safar qilgan[2].

Vafoti tahrir

Mahmud ad-Dabusiyning vafot etgan yili borasida turlicha qarashlar mavjud. Jumladan, Abu Saʼd as-Samʼoniyning „At-Tahbir fiy al-moʻʼjami-l-kabir“ asarida Mahmud ad-Dabusiyni 535/1141-yil oxirida yoki 536/1142-yil boshida Marvda vafot etgan, – deb ketirsa. Abdulloh Abdulhamid Saad" Oʻrta Osiyo olimlari qomusi" kitobida uni 530/1135—1136-yildan keyin vafot etgan, – deb keltirgan[3].

Manbalar tahrir

  1. Abu Saʼid as-Samʼoniyning „At-Tahbir fi-l-muʼjam al-kabir“. J.1. B.131.
  2. Tojuddin ibn Ali ibn Abdulkofiy as-Sabkiy. Tabaqotu ash-Shofeʼiyyati-l-kabir. J. 5. 1413/1992. 296.
  3. AbdullohAbdulhamid Saad. „Oʻrta Osiyo olimlari qomusi“. -T.: Imom Buxoriy respublika ilmiy-maʼrifiy markazi nashriyoti. 2007. 160.