Margaret Ives Abbott (1878-yil 15-iyun – 1955-yil 10-iyun) – amerikalik havaskor golf oʻyinchisi. Olimpiya musobaqalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan ilk amerikalik ayol. 1900-yilgi Yozgi Olimpiya oʻyinlarining ayollar oʻrtasidagi bahslarida oltin medalni qoʻlga kiritgan.

Margaret Ives Abbott 1878-yilda Kalkutta shahrida tugʻilgan. 1884-yilda oilasi bilan Chikagoga koʻchib oʻtgan. Keyinchalik Illinois shtatining Wheaton shahridagi Chikago golf klubiga aʼzo boʻlgan va u yerda Charles B. Makdonald va H. J. Whighamdan murabbiylik saboqlarini olgan. 1899-yilda Abbott onasi bilan sanʼat sohasidagi bilimlarini oshirish maqsadida Parijga boradi. Keyingi yili esa onasi bilan birgalikda ikkinchi zamonaviy Olimpiada oʻyinlarining ayollar golf turniriga yoziladi, biroq ushbu musobaqaning Olimpiada oʻyinlari ekanligini bilmaydi. Ushbu turnirda Abbott 47 zarba bilan gʻolib chiqqan, onasi esa 7-oʻrinni egallagan. Havaskor sportchiga musobaqa sovrini sifatida chinni idish berilgan.

1902-yilning dekabrida Abbott yozuvchi Finley Peter Dunnega turmushga chiqqan. Keyinchalik ular Nyu-Yorkka koʻchib oʻtishgan va toʻrt nafar farzand koʻrishgan. Abbott 1955-yilda 76 yoshida vafot etgan. Abbot tiriklik chogʻida aynan Olimpiya oʻyinlarida gʻalaba qozonganligini bilmagan. Florida universiteti professori Paula Welch Margaret Abbotniong hayotini oʻrganmagunga qadar havaskor sportchi haqida koʻpchilik unchalik yaxshi bilmagan. 2018-yilda uning kechikkan nekrologi The New York Times jurnali tomonidan nashr qilingan.

Hayoti va karyerasi tahrir

Hayotining ilk davrlari tahrir

Margaret Ives Abbott 1878-yil 15-iyunda Kalkutta shahrida Charles va Mary Ives Abbottlar oilasida dunyoga kelgan. Uning otasi 1879-yilda vafot etgan badavlat amerikalik savdogar boʻlgan. Otasining oʻlimidan keyin Margaret onasi va ukalari bilan birga Bostonga koʻchib oʻtgan. Uning oʻsmirlik yillarida onasi Chicago Herald gazetasining adabiy muharriri boʻlib faoliyat yuritgan. 1884-yilga kelib Abbottlar oilasi Chikagoga koʻchib oʻtgan.

XIX asr oxirida ayollarning turli sport turlari boʻyicha musobaqalarda qatnashishi cheklangan edi. Golf klublar ayollarga faqat erkak kishi bilan hamroh boʻlibgina oʻyinlarda ishtirok etishga ruxsat bergan. Abbott onasi bilan birgalikda Chikago chekkasidagi Wheatonda joylashgan Chikago golf klubida shugʻullana boshlagan. Unga havaskor golf oʻyinchilari Charles B. Macdonald va H. J. Whighamlar murabbiylik qilgan. Abbott va Macdonald 1897-yilda Washington Parkidagi turnirda ishtirok etishgan. Margaret, shuningdek, bir nechta mahalliy turnirlarda gʻolib chiqqan. 1899-yilga kelib 2 ta handikapga ega edi. U oʻyinlarda kuchli raqobatchi hisoblangan[1]. Oʻsha yili Abbott onasi bilan Parijga sayohat qiladi. Uning onasi tadqiqot olib borgan va "A Womanʼs Paris: A Handbook of Every-day Living in the French Capital (1900) qoʻlyozmasini yozgan. Margaret Auguste Rodin va Edgar Degas bilan birga sanʼat sohasida bilim olgan.

Parij Olimpiadasi tahrir

 
Margaret Abbott 1900-yilgi Olimpiya oʻyinlarida Fransiyaning Compiegne shahrida joylashgan ayollar golf musobaqasida ishtirok etgan.

Manbalar tahrir

  1. Welch 1982, s. 753