Mesopotamiya pasttekisligi — Gʻarbiy Osiyodagi pasttekislik. Asosiy qismi Iroq, qolgan qismi Eron, Kuvayt, Suriya hududlarida, Dajla, Furot va Qarun daryolari havzasining quyi qismida, togʻ oldi bukilmasida joylashgan. Bukilma usti daryolar keltirgan allyuviy jinslar, Fors qoʻltigʻining dengiz choʻkindilari va togʻlardan nuragan toshlar bilan toʻlgan. Yer yuzasining koʻp qismi yassi tekislik. Balandligi shim.da 200 m gacha, jan.da 100 m va undan past. Iqlimi shim.da subtropik, jan.da tropik, choʻl iqlimi; yanvarning oʻrtachi temperaturasi 11°, avg.da 34°, yozda ayrim kunlari 50° gacha koʻtariladi. Yillik yogʻin 100-200 mm. Koʻl va shoʻrxok koʻp. Daryolari bahorda sersuv, kema qatnaydi. Vodiylarida oʻrmon va vohalar bor. Sugʻorib dehqonchilik qilinadi (bugʻdoy, sholi, paxta ekiladi), koʻchmanchi chorvachilik rivojlangan. Xurmozorlar bor. Neft konlari (Kirkuk, Rumayla va boshqalar) topilgan. Yirik shaharlari: Bagʻdod, Basra (Iroq), Obodon (Eron).[1]

Geografiyasi tahrir

Mesopotamiya-Dajla va Frot daryolari oraligʻida joylashgan va allyuvial pastekislikdan tashkil topgan oʻlka. Uning nomi „ikki daryo oraligʻi“ degan maʼnoni bildiradi. Mesopotamiyaning katta qismi Iroqqa, shimoli-gʻarbiy qismi Suriyaga va janubi-sharqiy qismi Eronga qaraydi. Uning tabiati shakllanishi shimolida qurgʻoqchil subtropik iqlim, janubida tropik choʻl iqlimi, yassi tekis relef va ikki daryo yetakchi rol oʻynaydi. Mesopotamiya pastekisligi Arabiston platformasi kristall massivi bilan alp burmali zonasi oraligʻidagi bukilmada joylashgan. Bukilma Fors qoʻltigʻining dengiz choʻkindilari, togʻlardan keltirilgan nuragan toshlar, Dajla va Frot daryolarining allyuvial yotqiziqlari bilan toʻlgan. Relefida gipsometrik jihatdan aniq ifodalangan va bir-biridan farq qiluvchi ikki xil zinapoya yuza ajralib turadi. Birinchidan, Mesopotamiyaning Armaniston togʻligi va Suriya choʻli platosiga yaqin joylashgan shimoli-sharqiy qismining yuzasi daryo vodiylari bilan parchalangan sertepa baland tekislik hisoblanadi. Oʻrtacha balandligi 200- 400 m, ayrim joylarining balandligi 1000 m ga yetadigan qirlar kesib oʻtgan. Ikkinchidan, Mesopotamiyaning janubi-sharqiy yassi allyuvial pastekislik qismi boʻlib, uning balandligi 100 m ga ham yetmaydi. Bu pastekislik Fors qoʻltigʻida yirik delta bilan tugaydi. Mesopotamiya oʻlkasi neft konlariga nihoyatda boy. Neftli qatlamlar mezozoyning va paleogenning dengiz yotqiziqlarida hosil boʻlgan. Neft qazib olinadigan hududlar Yuqori Mesopotamiyaning Mosul va Kirchuk shaharlari atrofida, Quyi Mesopotamiyaning Basra, Xuziston shaharlari yaqinida joylashgan. Yozda Mesopotamiya hududini tropik havo massasi qamrab oladi. Qishda oʻlkaning shimoliy qismiga Atlantika okeanidan siklonlar kirib keladi, janubiga esa juda kam tarqaladi, bu yerda deyarli yil boʻyi kontinental tropik havo hukmronlik qiladi. Shu boisdan oʻlkaning shimolida uzoq davom etmasada, yomgʻirli davr vujudga keladi, janubida esa bunday davr kuzatilmaydi. Binobarin, yogʻin miqdori ham shu yoʻnalishda oʻzgarib boradi. Shimolda yillik yogʻin miqdori 300 mm, balandliklarda 500-700 mm boʻlsa, janubga tomon 200-100 mm gacha kamayadi, ayrim hududlarda 100 mm ga ham yetmaydi. Yozda harorat juda yuqori iyulning oʻrtacha harorati +30°S dan oshadi, maksimum +55°S ga teng. Sovuq oyning oʻrtacha harorati shimoldan janubga tomon +7°S dan +10°S gacha oʻzgarib boradi. Shimoldan antisiklonlar kirib kelganda harorat −10°,-160 S gacha pasayadi. Mesopotamiya pastekisligini shimoli-gʻarbdan janubi-sharqqa tomon ikkita daryo kesib oʻtadi. Bular Dajla va Frot daryolari boʻlib, ular Al-Qurn shahri yaqinida uzunligi 195 km. ga choʻzilgan va Fors qoʻltigʻiga quyiladigan Shatt-ul-Arab daryosiga birlashadi. Uning maksimal suv sarfi 8000-10000 m3 /sek. ga, minimal suv sarfi 1000-1700 m3 /sek. ga teng. Daryoning har ikkala sohili xurmozorlar bilan band. Daryo suvidan qishloq xoʻjalik yerlarini sugʻorishda keng foydalaniladi. Kemalarning qatnovi uchun juda qulay. Dajla daryosi Armaniston Tavri togʻlari yonbagʻridan oqib tushadi. Unga Katta va Kichik Zab, Diala kabi irmoqlar kelib qoʻshiladi. Dajlaning uzunligi 1950 km, havzasining maydoni 375000 km2 , oʻrtacha yillik suv sarfi Bogʻdod yaqinida 1240 m3 /sek. Frot daryosi ham Armaniston togʻligidan boshlanadi. Uning uzunligi 3065 km, havzasining maydoni 674000 km2 , oʻrtacha yillik suv sarfi Hit shahri yaqinida 840 m3 /sek. Pastekislikni kesib oʻtgan joylarda Frot oʻzanining kengligi 150-500 m, chuqurligi 10 m ga yetadi. Ikkala daryo ham qor va yomgʻir suvlaridan toʻyinadi. Mesopotamiyada mavjud boʻlgan barcha voha yerlari Dajla va Frot daryolari suvi bilan sugʻoriladi. Mesopotamiyaning katta qismi uchun choʻllarga va chala choʻllarga xos tuproqlar, oʻsimliklar xarakterli. Shimoliy qismida tarkibida 1% dan ham kam chirindi boʻlgan boʻz tuproqlar, janubida oddiy skeletli choʻl tuproqlari uchraydi. Toshloq va qumli choʻllarda tuproq-oʻsimlik qoplami rivojlanmagan. Pastqam joylarda taqirlar va shoʻrxoqlar keng tarqalgan. Daryo vodiylarida hosildor allyuvial tuproqlar rivojlangan. Oʻsimlik qoplami siyrak tarqalgan kserofitlardan iborat. Shimoliy qismida shuvoq, shoʻra va efemeroidlar, janubidagi tropik choʻllarda butalar va oʻt oʻsimliklari oʻsadi, efemeroidlar kam uchraydi. Balandlik yonbagʻirlarida u yer bu yerda eman, yovvoyi pista va boshqa butalar koʻzga tashlanadi. Daryo vodiylarida Frot teragi, tol, yulgʻun va qamishlar oʻsadi. Janubiy hududlarda madaniy va yovvoyi finik palmalari keng tarqalgan. Choʻllarda kemiruvchilar, sudralib yuruvchilar koʻp uchraydi.

Havolalar tahrir

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • T. V. Vlasova. Materiklar tabiiy geografiyasi (okeanlar tutash qismlari bilan birga)- Oʻqituvchi. T., 1981[1]
  • X.Vaxobov, A. A. Abdulqosimov, N. R. Alimkulov MATERIKLAR VA OKEANLAR TABIIY GEOGRAFIYASI -Toshkent ,2021[2]