Osteofollikulit — soch xaltachasi ogʻzining yalligʻlanishi, uni asosan stafilakokklar qoʻzgʻatadi[1]. Dastlab teri yuzasida konussimon shaklda follikular madda (pustula) paydo boʻladi. Madda oʻrtasidan mayin soch (tuk) chiqib turadi. Soch follikulasi atrofi biroz yalligʻlanib, qizaradi va pushti-qizil rangli yalligʻlanish toji bilan oʻralgan boʻladi. Osteofollikulitlar yoki stafilokokkli impetigo terining kichik yoki biroz keng qismini egallashi mumkin. Bir necha kundan soʻng maddalar quriydi va yalligʻlanishlar soʻrilib ketadi. Osteofollikulitdan keyin hech qanday chandiq qolmaydi, baʼzan biroz pigmentli dogʻ qolishi mumkin. Osteofollikulitda maddalar toʻp-toʻp boʻlib joylashsa ham bir-biriga qoʻshilmaydi. Baʼzan ayrim elementlar noʻxat donasidek kattalikda boʻlishi ham mumkin, oʻrtasidan mayin soch chiqib turadi va bu Bokxartning stafilokokkli impetigosi deyiladi. Osteofollikulitga asosan, ekzogen omillar — ishqalanish, tirnalish va boshqalar sabab boʻladi. Maddalar aksariyat holatlarda badanning bosilib ishqalanib turadigan qismlarida (boʻyin, bilak, boldir va son sohasi terisida) paydo boʻladi. Bolalarda asosan 2-3 yoshdan keyin kuzatiladi, ayniqsa 13-15 yoshdagi oʻsmirlar orasida koʻp uchraydi. Yuza va chuqur follikulit farq qilinadi. Yuza follikulit odatda 2-3 kunda tuzalib ketadi. Tuzalgandan keyin yaradan iz ham qolmaydi.

Folliculitis2
Folliculitis2

Manbalar tahrir

  1. Eshboyev, E.H. Terining yiringli kasalliklari — 54-57 bet.