Qasri Orifon minorasi

Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmuasidagi minora

Qasri Orifon minorasi – Buxoro viloyati, Kogon tumani, Qasri Orifon qishlogʻi, Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmuasidagi minora. Minora Buxoro xonligida hukmronlik qilgan ashtarxoniylar sulolasi humdori Abulfayzxon davrida 1718–1720-yillarda qurilgan. Minora Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan[1]. Minora orqa tomonida Abdulazizxon xonaqohi, oʻng tomonida Abdulhakim Qoʻshbegi masjidi, chap tomonida esa Naqshbandiya tariqati muzeyi joylashgan. Minora balandligi 12, 2 m, diametri 3 m, yuqori qismi sakkiz qirrali boʻlib, sharafasi qismida 1718–1720-yillar oraligʻida bunyod etilganligi qayd qilingan. Minora pastki qismida tut daraxtidan sinch ishlatilgan va obi gʻishtlar bilan koʻtarilgan. Sinchning ustki qismi bezakli gulmexlar bilan bezalgan[1]. Minoraning qibla tomonida 1885-yili „Oqibat hayrobod“ yaʼni „Oqibat xayrli boʻlsin 1885“ nastaʼliq xatida yozilgan[2]. Aynan ushu yozuvlar Bahouddin Naqshband meʼmoriy majmuasidagi Bibi Orifa majmuasi ayvonida ham toʻrt marta suls xatida yozilgan. „Oqibat xayrli boʻlsin“ soʻzining uch maʼnosi bor: boshlangan ishni yaxshilik bilan yakunlash, inson bilan bu dunyo bilan xayrlashish, qiyomat kunida qilgan amallarini inobatga olish. 2005-yil minora taʼmirlashga kirishilgan. Chunki minora sharq tomoni 41 smga ogʻgan edi. Temir bandlar bilan gʻarb tomoni mustahkamlandi[3]. Minoraning yuza qismidagi bezaklari qayta taʼmirlangan. Minora taʼmirlanishida Muzaffar Mirzayev boshchilik qilgan[3]. Minora Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Qasri Orifon minorasi qurilishida pishgan gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan foydalanilgan.

Qasri Orifon minorasi
Muqobil nomlari Qasri Orifon minorasi

Umumiy maʼlumot
Maqomi Tarixiy obida
Turi minora
Shahar Buxoro
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan 1718–1720-yillar
Texnik holati
Material pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch


Manbalar tahrir

  1. 1,0 1,1 Йўлдошев 2019, s. 80.
  2. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар 2011, s. 281.
  3. 3,0 3,1 Йўлдошев 2019, s. 81.

Adabiyotlar tahrir

  • Каримова Г., лойиҳа муаллифи, таржима ва изоҳлар муҳаррирлари Б. Бобожонов, К. Рахимов. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар. Тошкент: Ўзбекистон нашриёти, 2011 — 564 bet. ISBN 978-9943-01-716-0. 
  • Йўлдошев Н., Бобожонов Ш. Баҳоуддин Нақшбанд тарихий меъморий мажмуаси. Тошкент: Наврўз нашриёти, 2019 — 113 bet.