Saidakbar Rahmonqulov (1936-yil 5-may, Sayram tumani, Chimkent viloyati, Qozogʻiston SSR) — oʻzbekistonlik olim, biolog, bioximik, fiziolog, seleksioner, Oʻzbekiston Qishloq xoʻjaligi fanlari akademiyasi muxbir aʼzosi (1991), biologiya fanlari doktori (1986), professor (1990). Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi (1982).

Saidakbar Rahmonqulov
Tavalludi 5-may 1936-yil (1936-05-05) (88 yosh)
Sayram tumani, Chimkent viloyati, Qozogʻiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Kasbi biolog, bioximik, fiziolog, seleksioner
Sohasi qishloq xoʻjaligi
Ish joylari Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti
Taʼlimi Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti
Ilmiy darajasi biologiya fanlari doktori
Ilmiy unvoni professor
Mukofotlari

Biografiyasi tahrir

Saidakbar Rahmonqulov 1936-yil 5-may Sayram tumani Sayram qishlogʻi tugʻilgan. Toshkent qishloq xoʻjaligi instituti agronomiya fakultetini tamomlagan (1958)[1]. Butunittifoq gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi ilmiy-tadqiqot institutida kichik ilmiy xodim (1959—1961), Ukraina Fanlar akademiyasi Oʻsimliklar fiziologiyasi institutida aspirant (1961—1964). 1965-yildan Butunittifoq gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi ilmiy-tadqiqot institutining Oʻsimliklar biokimyosi (keyinchalik oʻsimliklar biokimyosi va fiziologiyasi) laboratoriya mudiri (1965—2014), Gʻoʻza seleksiyasi va urugʻchiligi instituti direktorining ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari (1991—1995), Oʻzbekiston paxtachilik ilmiy tadqiqot instituti bosh direktori (1995—1998), Toshkent davlat agrar universiteti „Qishloq xoʻjaligi ekinlari genetikasi, seleksiyasi va urugʻchiligi“ kafedrasida professor (2002—2009), 2014-yildan Paxta seleksiyasi, urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot institutida laboratoriya mudiri[1].

Ilmiy foliyati tahrir

Saidakbar Rahmonqulov gʻoʻza geterozisi nazariyasi uchun sitoplazmatik genlarning fotosintez faoliyatini boshqarishdagi tutgan oʻrni hamda geterozisli duragaylar yaratishda onalik va otalik shakllarini fiziologik-biokimyoviy koʻrsatkichlar boʻyicha farqlanishi asosini yaratgan, shuningdek, geterozis hodisasini belgilovchi fiziologik testlarini aniqlagan[1]. Olimning rahbarligida gʻoʻzaning turlararo duragaylar olishdagi nomutanosiblik toʻsigʻini bartaraf etish uchun biotexnologiya (embriokultura) uslublari ishlab chiqildi, natijada uzoq turlar chatishtirilib, seleksiya uchun noyob manbalar, yaʼni noqulay sharoitlarga (tuproq shoʻrlanishiga, suv tanqisligiga, viltga, garmsel va yuqori haroratga) bardoshli, tola sifati boʻyicha jahon bozori talablariga javob beradigan duragaylar va ular asosida tizmalar yaratildi. Gʻoʻzaning madaniy G.hirsutum turi bilan yovvoyi G.sturtii, G.harknessii, G.aridum, G.triphyllum, G.raimondii turlari ishtirokida olingan amfidiploid duragaylar hozirgi kunda tizma va nav darajasiga yetkazilgan. Ushbu yoʻnalishning davomi sifatida gʻoʻzaning genomlararo olingan kombinatsiyalarda embrional jarayonlarning qonuniyatlarini oʻrganish boʻyicha izlanishlar olib borilishi natijasida uzoq turlararo duragaylar (yovvoyi turlar G. incanum, G. davidsonii, G.klotzschianum, G.gossypioides, G.laxum, G.australe, G.nelsonii, G.bickii ishtirokida) yaratilgan. Istiqlol-14, S-2118, S-2120, Mangʻit-1, Mangʻit-2, SSB-Klaster-1 kabi gʻoʻza navlarini yaratgan. Ushbu navlar sanoatbop va sermoyli (19-20%) boʻlib, tola chiqimi 36-40%, sifati esa IV va V tip talablariga toʻliq javob beradi. Olim 13 ta gʻoʻza navlariga patent olgan[1].

Mukofotlari tahrir

1982-yilda „Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan qishloq xoʻjaligi xodimi“ unvoni, 1986-yilda „Mehnat faxriysi“ medali, „Qishloq xoʻjaligi aʼlochisi“, „Mustaqillikning 20 yilligi“, „Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligi fidoyisi“, „1-darajali murabbiy“ koʻkrak nishonlari bilan mukofotlangan[1].

Manbalar tahrir

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi, 2-tom (oʻzbekcha), Toshkent: Science and Innovation, 2023 — 383 bet. 

Andoza:OʻTOE

Havolalar tahrir