Surunkali kolityo'g'on ichakning shilliq qavatidagi yallig'lanish va distrofik o'zgarishlar bilan kechadigan kasallik[1].

Surunkali kolit

Yo'g'on ichakning ko'rinishi

Etiologiyasi va patogenezi tahrir

Surunkali kolitning sabablari turlicha bo'lib, ba'zi hollarda o'tkir infeksiya (bakteriyalar, dizenteriyalar, salmonellyoz va boshqalar), parazitlar (amyobiaz, balantidioz, lyambliyoz va boshqalar), ichak tomirlarining aterosklerotik zararlanishi (ishemik kolit), nurlanish (radiatsion kolit), ovqat mahsulotlariga allergiya va dori vositalarini uzoq vaqt davomida qabul qilishda yuzaga keladi.

Patogenezi etiologiyasi bilan bog'liq bo'lgan holda, shunga mos ravishda bir-biridan farq qilsa ham, odatda yo'g'on ichak shilliq qavatida shish, gemorragiyalar, eroziv yarali zararlanishlar bilan kechadi[2].

Klinik ko'rinishi tahrir

Odatda bemorlarning eng ko'p qiladigan shikoyatlari:

Yo'g'on ichak bo'ylab og'riqning bo'lishi, defekatsiya va gaz ajralishidan keyin og'riqning kamayishi, ich kelishining buzilishi (qabziyat, ich ketishi — kun davomida 10-15 martagacha), meteorizm, qorin quldirashi va boshqalar. Yallig'lanish jarayoni yo'g'on ichakning seroz qavatida yuzaga kelsa, og'riq doimiy bo'lib yurganda, harakatlanganda kuchayib, yotgan holatda yengillashadi.

Ishemik kolitda ovqatlanishdan so'ng va jismoniy harakatdan keyin og'riq kuchayadi.

Nur ta'siridagi kolitda qabziyat va diareya tez-tez almashib, najasda qon bo'lishi bilan farqlanadi.

Dori vositalari ta'siridagi kolitda kasallik belgilari 5-10 kundan, bir oygacha muddatda yuzaga keladi.

Kasallikning turini farqlashda og'riqni, defekatsiya bilan bog'liqligini aniqlash muhim. Surunkali kolitda defekatsiyadan keyin bemorlarda yengillik hissi yuzaga kelmaydi. Qorin palpatsiyasida yo'g'on ichakning turli qismlarida og'riq va spastik qisqarishlar kuzatiladi[2].

Diagnostikasi tahrir

Qon tahlilida gipoxrom kamqonlik, kasallikning avj olgan davrida esa leykotsitoz va uning chapga siljishi kuzatiladi.

Mikroskopik tekshiruvda najasda eritrotsitlar, leykotsitlar, gijja tuxumlari va sodda hujayralilarning kistalari aniqlanadi. Ichak surtmasi maxsus ozuqa muhitiga ekilganda ko'pincha disbakterioz kuzatiladi.

Tashxisni tasdiqlash uchun endoskopik tekshirishlar (rektoromanoskopiya va kolonoskopiya) o'tkaziladi.

Davolash tahrir

Kompleks davo choralarini o'z ichiga olgan bo'lib, mahsus parhez va ich ketishini mo'tadillashtiruvchi preparatlarlar tavsiya etiladi. Shifokor ko'rsatmalariga qarab antibakterial, parazitlar va dizbakteriozga qarshi dori vositalari beriladi[3].

Profilaktikasi tahrir

O'tkir ichak infeksiyalarining oldini olish, o'z vaqtida aniqlash va davolash, ratsional ovqatlanish, shaxsiy sanitariya va gigiyena qoidalariga amal qilish kerak. Bir yilda bir marta shifokor ko'rigidan o'tish tavsiya etiladi[2].

Manbalar tahrir

  1. „Kolit va uning turlari“. Qaraldi: 2024-yil 4-may.
  2. 2,0 2,1 2,2 Surunkali kolit — 529-530 bet. 2024-yil 4-mayda qaraldi. 
  3. Ichki kasalliklar propedevtikasi. ziyo.uz.com — 530 bet. 2024-yil 4-mayda qaraldi. 

Havolalar tahrir

Ichki kasalliklar propedivtikasi. Surunkali kolitlar