Toʻlagan Moʻmin (1902-yilda tugʻilgan — 1938-yil vafot etgan) — Oʻzbekistonlik malakali elektr muhandisi[1].

Toʻlagan Moʻmin
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Taʼlimi oliy
Kasbi elektr muhandis
Faoliyat yillari 1922—1938
Turmush oʻrtogʻi Muyassar Eshonxoʻjayeva
Bolalari Gulchehra Rizayeva, Lola Eshonxoʻjayeva
Onasi Roziya aya

Taʼlimi tahrir

Toʻlagan Moʻmin 1922-yildan boshlab 1931-yilgacha Germaniyaning Berlin shahridagi oliy texnika maktabida tahsil olgan. U avval Toshkentdagi rus-tuzem maktabida oʻqiydi. 1918-yildan boshlab shaharning mashhur Navoiy nomidagi taʼlim-tarbiya bilim yurtida tahsil koʻradi. 1922-yilda T. Moʻmin Toshkentning umidli yoshlari qatorida Germaniyaga tahsil olish uchun yuboriladi. U yerdagi oliy texnika maktabida elektr muhandisi ixtisosligi boʻyicha tahsil oladi. 1930-yilning boshlarida oʻzining xo'jandlik doʻsti Sulton Matqul bilan birga mazkur maktabni tamomlaydi. Oʻqishni bitirgach 1931-yilda Moskvaga koʻchib keladi[2].

Hayoti va faoliyati tahrir

Toʻlagan Moʻmin Berlindagi oliy texnika maktabini tamomlagach, respublikada elektr tarmoqlarini rivojlantirish, mahalliy malakali kadrlar tayyorlash borasida faoliyat yurita boshlagan. U 1918-yilda Navoiy nomidagi taʼlm-tarbiya bilim yurtida bir muncha muddat oʻquvchilarga o'zbek tilidan saboq beradi. Mana shu yillarda Toshkentda Fitrat tashabbusi bilan tashkil etilgan „Chigʻatoy gurungi“ tashkilotida, toshkentlik jadidlar tomonidan tuzilgan „teatr toʻdasi“ning spektakllarida ishtirok eta boshlaydi. 1922-yilda Berlinga oʻqishga yuborilgandan soʻng, usha yerda tuzilgan „Germaniyadagi turkistonlik talabalar uyushmasi“ning raisi boʻlib faoliyat koʻrsatadi. U Germaniyadagi talabalarning oʻzbekcha jurnali — „Koʻmak“ning O'zbekistonga tarqalishida yordam bergan. T. Moʻmin Moskvadan Toshkentga koʻchib kelgandan soʻng, Oʻzbekiston elektr energiyasi sohasida avvaliga muhandis, keyinchalik esa bosh muhandis boʻlib ishlaydi. Oʻsha yillarda Toshkent Meditsina instituti talabasi Muyassar Eshonxoʻjayeva bilan turmush quradi va ikki qiz farzandli boʻlishadi: Gulchehra Rizayeva va Lola Eshonxoʻjayeva.

Oʻlimi tahrir

1937-yil 2-sentyabrda NKVD xodimlari tomonidan uyida tintuv ishlari oʻtkazilib, oʻzi hibsga olinadi. Unga 1922—1931-yillarda Germaniyada oʻqigan vaqtlarida sovetlarga qarshi „Ozod Turkiston“ nomli aygʻoqchilik tashkilotining aʼzosi sifatida SSSRga nisbatan dushman sifatida targʻibot olib borgan degan ayb qoʻyiladi. U salkam bir yarim yildan oshiqroq muddat qamoqda saqlanadi. Tergovlar soʻngida u tergovchilar tomonidan toʻqib chiqarilgan guvohliklar boʻyicha oʻz aybini boʻyniga oladi. 1938-yil 9-oktyabrda Sattor Jabbor, Xayrinisa Majidxonova, Solih Muhamedov va Germaniyada tahsil olgan boshqa vatandoshlari qatori u ham millatchilik tashkilotining aʼzosi, O'zbekistonda aygʻoqchilik ishlari bilan shugʻillanuvchi Germaniyadagi „Ozod Turkiston“ tashkilotining aʼzosi sifatida oliy jazo — otuvga va mol-mulkini musodara qilish jazosiga hukm qilindi. Hukm esa oʻsha kunni oʻzidayoq ijro etildi[3].

Manbalar tahrir

  1. Sherali, Turdiyev. Ular Germaniyada oʻqigan edilar, 1-nashr, Toshkent: Akadem - Xizmat bosmaxonasi, 03.04.2006 — 258 bet. 
  2. „Германия таълимини олиб қатағонга учраган жадидлар“. https://www.bbc.com. Qaraldi: 2024-yil 2-may.
  3. „The role of exact sciences in the era of modern development“. uzresearchers.com. Qaraldi: 2024-yil 2-may.