Vikipediya:Oʻzbekiston Respublikasining Oliy Majlisiga murojaat

Hurmatli Vikichilar! Bu murojaatni tayyorlashdan maqsadimiz Vikiombordagi Panorama erkinligi muammosini hal etishdir.

Oʻzbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi senati raisi
Tanzila Norboyevaga


Hurmatli Tanzila xonim,

Zamonaviy dunyoda yangi axborot texnologiyalari, xususan, internet shiddat bilan oʻzgarayotgan va rivojlanayotgan dunyoning ajralmas qismiga, bu taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchiga aylanayotgani hech kimga sir emas. Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bu borada sezilarli yutuqlarga erishayotgani quvonarli holat. Oʻzbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yilda oʻzbek tili Internetda munosib oʻrinni egallashini taʼminlash borasida chiqargan farmoni asosida yoʻlga qoʻyilgan WikiStipendiya loyihasi bu yutuqlarning bir parchasidir. Oʻzbekistonliklar, ayniqsa, yoshlar ijtimoiy tarmoqlarda ancha faollashmoqda. Shuni alohida taʼkidlab oʻtish joizki, internet faqatgina yangilik saytlari, forumlar va bloglardan ibort emas. Internet ham juda muhim taʼlim funksiyasiga ega. Ammo, afsus bilan qayd etishimiz kerakki, bugungi kunda oʻzbek tilida soʻzlashuvchi internet makonida bu vazifani bajaruvchi saytlar soni barmoq bilan sanaladigan darajada kam va ular talabni toʻliq qondira olmayapti.

Hozirgi kunda 285 ta tilda faoliyat yuritayotgan Vikipediyaning asosiy maqsadi ana shu vazifani bajarishdir. Vikipediya tarmogʻining bir boʻlimi boʻlgan Oʻzbekcha Vikipediya 2004-yildan beri uz.wikipedia.org manzilida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. Vikipediya – bu onlayn va erkin ensiklopediyadir. Yaʼni, bu yerdagi maqolalar sof ensiklopedik xususiyatga ega va hech qachon ularda reklama yoki kishining shaxsiy targʻibotiga yoʻl qoʻyilmaydi. Vikipediyada taniqli shaxslarning hayoti va faoliyati, tarixiy voqealar, tarixiy-madaniy yodgorliklar, sanʼat asarlari, turli fanlar va ularning obyektlari, subyektlari va biografik maʼlumotlarni oʻzida jamlagan. Vikipediyada xolis, manbalarga asoslangan koʻplab maʼlumotlar toʻplanmoqda. Yaʼni, har qanday qadrli obyekt va har qanday mashhur shaxs Vikipediya maqolasining bosh mavzusi boʻlishi mumkin. Vikipediyaning yana bir afzallik tomonlaridan biri shundaki, uni har qanday internet foydalanuvchisi tahrir qilishi mumkin. Doimiy tahrir qilish imkoniyati Vikipediyadagi maʼlumotlarni davomiy ravishda yangilab turish imkonini beradi, bu esa uning yaxshilanib borishini taʼminlaydi. Tahrir, qoʻshimcha va tuzatishlar Vikipediyaning tajribali foydalanuvchilari va administratorlari tomonidan tekshirib boriladi.

Vikipediya ham axborot urushining asosiy jabhalaridan biridir. Shunday qilib, oʻzbekcha Vikipediya foydalanuvchilari Oʻzbekiston, uning tarixi, madaniyati, siyosati, iqtisodiyoti, rahbariyati haqida noxolis, salbiy maʼlumotlar joylashtirilishining oldini olish uchun har kuni kurash olib borishlari kerak boʻladi. Agar oʻzbek tilini biluvchi yoshlar orasida bu koʻngilli faoliyatga qiziqish juda kam ekanini hisobga oladigan boʻlsak, vaziyat qanchalik murakkab ekanini tasavvur qilish unchalik qiyin emas. Bundan tashqari, Oʻzbekiston qonunchiligidan kelib chiqib aytadigan boʻlsak, ayrim qonunlar mamlakatimizga tegishli maʼlumotlarni Vikipediyada tarqatish, oʻzbekistonlik vikipediyachilarning toʻgʻri faoliyat yuritishini taʼminlash bilan bogʻliq jarayonlarda jiddiy muammolarni keltirib chiqarmoqda.

Shunday qilib, Oʻzbekiston Respublikasining 1996-yil 30-avgust kuni „Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida“gi va 2006-yil 20-iyulda kuchga kirgan qonunining yangi tahririga koʻra, mamlakat hududida panorama erkinligini cheklaganligi sababli, Oʻzbekiston turizmini rivojlantirishga xizmat qiluvchi bir qator joylar (asarlardan foydalanishda bepul hamda kirish uchun barchaga ochiq yerlar) fotosuratlarini Vikipediyaga joylashtirishga ruxsat berilmaydi. Shunday qilib, hozirgi Oʻzbekiston qonunchiligi asosida kundan-kunga rivojlanib, chiroy ochib borayotgan mamlakatimiz, shaharlarimiz tasvirlarini jahon ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish, qimmatli meʼmoriy yodgorliklar, zamonaviy binolar, shuningdek, koʻchalarimizni bezab turgan haykallar va boshqa shu kabi obidalarning fotosuratlarini Vikipediyada tarqatish cheklangan.

Shuni alohida taʼkidlab oʻtish joizki, bu muammoli qonun va qoida barcha sobiq SSSR respublikalarining tegishli qonun hujjatlarida oʻz aksini topgan boʻlsa-da, ularning ayrimlari oʻz davlatlarining axborot makonidagi mavqeini mustahkamlash maqsadida bu qonunga oʻzgartirishlar kiritib boʻlgan. Misol uchun, birinchi navbatda, Rossiya Federatsiyasi va 2013-yil mart oyida Armaniston Respublikasi oʻz mamlakatlari bilan bogʻliq bu kabi muammolarni bartaraf etish uchun tegishli qonun hujjatlariga oʻzgartirish kiritdi. Gruziya hukumatining bu borada yangiliklar qilishi kutilyapti.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda Oʻzbekiston haqidagi maʼlumotlarni Vikipediya kabi global axborot resursida yanada samaraliroq joylashtirishni taʼminlash maqsadida „Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisida“gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunining 20-moddasiga oʻzgartirish kiritishni taklif qilamiz:

„Barchaga ochiq maydonlarda joylashgan arxitektura, haykaltaroshlik va tasviriy sanʼat asarlariga tegishli tasvirlarni ommaviy tarqatish maqsadida muallifning yoki boshqa mualliflik huquqi egasining roziligisiz hamda mualliflik huquqini olmasdan turib izn beriladi“.

Biz, oʻzbekcha Vikipediya foydalanuvchi va faollari yuqorida berib oʻtilgan qonun taklifini koʻrib chiqish yuzasidan koʻrsatma berishingizni soʻrab qolamiz. Va agar ponarama erkinligi berilmagan taqdirda, suratlarni quyida keltirilgan oʻrnaklar holatida yuklash va tarqatishga majbur boʻlamiz. Bu holat Oʻzbekiston turizmiga salbiy taʼsir etishi tabiiydir.