Xanif Rizayev Sultonovich (1903-yil, Sirdaryo viloyati – 1938-yil, Toshkent) — Samarqand okrug partiya qoʻmitasi aʼzosi. Samarqand shahri Djerjinskiy raykom sekretari. Stalin davri qatagʻoni qurboni boʻlgan.

Xanif Rizayev
Tavalludi 1903-yil
Sirdaryo viloyati, Qozogʻiston
Vafoti 1938-yil
Toshkent
Fuqaroligi SSSR bayrogʻi SSSR
Taʼlimi Sharq xalqlari kommunistik universiteti
Faoliyat yillari 1919—1937

Xanif Rizayev 1903-yilda Turkiston Respublikasining Sirdaryo viloyatida tugʻilgan. Bu hudud hozir Qozogʻiston Respublikasiga qaraydi. 1911-yilda maktabga borgan. 1915-yilda oʻqishdan tashqari otasiga dehqonchilik ishlarida qarashib turgan. 1916-yilda yana maktabga qabul qilingan. 1917-yilda qishloqdagi bankda xizmatchi boʻlib ishlagan. 1919-yilning kuzidan militsiya boʻlimida ishlagan. 1920-yilda Turkiston shahridagi uyezd-turmasi boshligʻi boʻlgan. 1923-yilga kelib Turkiston uyezd-shahar ijroiya qoʻmitasida instruktor vazifasida ishlaydi. 1924-yilda Stalin nomidagi Sharq xalqlari kommunistik universitetiga oʻqishga kirgan. 1925-yildan boshlab Samarqand viloyatining partiya sovet maktabida oʻqituvchilik qilgan. 1927-yilning oxiridan boshlab Samarqand shahridagi Djerjinskiy raykom sekretari boʻlib ishlagan. Xanif Rizayev 1935-yilning mart oyida Akmalobod tumani partiya qoʻmitasining kotibi etib tayinlanadi. Xanif Rizayev Samarqand okrug partiya qoʻmitasiga, 6-partiya syezdida OʻzKompartiya Markaziy qoʻmitasi reviziya komissiyasining aʼzosi boʻlgan[1]. 1933-yilning oktyabr oyidan boshlab 1935-yilning mart oyigacha Toshkent shahrida partiya qoʻmitasining byuro aʼzosi sifatida faoliyat olib borgan. 1936-yilgi paxta yigʻim-terim mavsumida davlatga qarshi tendensiyaga yoʻl qoʻyganligi sababli OʻzVKP (b) Markaziy qoʻmitasi Rizayevga qatʼiy hayfsan eʼlon qilgan. Keyinroq bekor qilingan. Xanif Rizayev oʻzbek, rus va tojik tillarini bilgan. Qamoqqa olingan paytda yashash manzili sifatida Akmalobod shahri koʻrsatilgan. 1938-yilning 4-oktyabrda Toshkentda boʻlib oʻtgan SSSR Oliy Sudi Harbiy kollegiyasining sud majlisida oʻlimga hukm qilinadi. Hukm ijrosi oʻsha kuni taʼminlanib, otib tashlanadi[2]. Keyinchalik oqlangan.


Manbalar tahrir

  1. Rustambek Shamsutdinov. Oʻzbekistonda sovetlarning qatagʻon siyosati va uning oqibatlari (1-kitob). Sharq Toshkent 2012 — 86 bet. ISBN 978-9943-00-481-8. 
  2. Karimov, Naim. 1937-1938 yillarda "Katta qirg'in"ning fojiali oqibatlari. Toshkent 2015 — 159 bet.