"ESKI MACHIT" — Qarshi shahridagi teatr. 1992-yil "Muloqot" teatr studiyasidan ajralib chiqib, teatrstudiya sifatida ish boshlagan. Abdunabi Bobojonov, Ishoq Toʻrayev, Oygul Xalilova, Botir Qurbonov, Gulnoza Rahmatova, havaskor sozanda va xonandalar truppa asosini tashkil etgan. "Eski machit" teatrining birinchi asari "Mehribonginam" (Sh.Shomanadze asari) spektaklidayoq truppaning muhim ijtimoiy muammolarni yangi uslubdagi teran sahnaviy talqinlarda yorqin va taʼsirchan ijrolarda aks ettirishga boʻlgan intilishi koʻrindi. Spektakl "Navroʻz95" festivalida 1-oʻrinni oldi. Teatr yangicha fikrlaydigan novator rejissyorlarni taklif etib, shu paytgacha hech kim eʼtibor bermagan manbalar asosida murakkab sahna asarlari yaratish, yangi talkin uslubi va vositalar izlab topish, tomoshabinni voqealarning ishtirokchisiga aylantirish yoʻlidan bordi. 1995-yil rejissyor Farrux Qosimov Farididdin Attorning "Mantiq uttayr", Navoiyning "Lison uttayr" asarlari asosida "Shayx Sanʼon" va "Tarso duxtar"ni sahnalashtirdi. 1998-yil Ukrainaning Xarkov shahrida oʻtgan "Sharq ekspressi" xalqaro teatr festivalida "Ayol alvasti yoki haroratli ayiq" spektakli 1-oʻrin oldi. 1999-yil Ch. Aytmatovning "Asrga tatigulik kun" asari asosida sahnalashtirilgan "Nayman ona qissasi" spektakli "Navroʻz — 99" respublika festivalida alohida sovrin, Bishkek (Qirgʻiziston)da oʻtgan "CH.Aytmatov va teatr" xalqaro festivalida eng oliy sovrin — Granprini qoʻlga kiritdi. Shuningdek, "Qobil va Hobil", "Raqsu samoʼ" kabi spektakllar ham turli mukofotlarga sazovor boʻldi. "Chiyali bozordagi hangoma", "Moʻʼjizaviy daraxt", "Manqurtlarga bermang dunyoni" kabi teatrlashgan tomoshalari ham muvaffaqiyat qozondi.

Teatrning badiiy rahbari va bosh rejissyori — Ishoq Toʻrayev.

Muhsin Qodirov.