Sharq nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi

Oʻzbekistonda joylashgan nashriyot

Sharq nashriyot-matbaa aksiyadorlik kompaniyasi – gazeta-jurnallar, bosma nashrlar chop etish kompleksi. Toshkent shahrida joylashgan. Respublikaning markaziy gazeta va jurnallarini, qattiq va yumshoq muqovadagi kitoblar, broshyuralar, yorliqlar, fotoalbomlar, tasviriy sanʼat mahsulotlari va boshqalar bosma mahsulotlar chiqaradi. Uning tarixi 1921-yilda tashkil topgan bosmaxona va 1924-yilda tashkil etilgan „Sredazkniga“ nashriyotidan boshlanadi. 1924-yildan „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasining bosh idorasi. 1947-yilda bosmaxona bilan birlashtirilib „Qizil Oʻzbekiston“, „Pravda Vostoka“ va „Oʻzbekistoni Surx“ gazetalari birlashgan nashriyoti. 1991-yildan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti devonining Ishlar boshqarmasi huzuridagi „Sharq“ nashriyot-matbaa konserniga aylantirildi. 2002-yil oktyabrdan hozirgi nomda. Kompaniyada 1991-yil 9 sentyabrda Bosh tahririyat tashkil etildi. Bosh tahririyat tomonidan „Amir Temur jahon tarixida“, Zahiriddin Muhammad Boburning „Boburnoma“, Sharafuddin Ali Yazdiyning „Zafarnoma“, Hofiz Tanish Buxoriyning „Abdullanoma“ kabi nodir kitoblari, „XXI asr oʻzbek romani“ ruknida oʻzbek adiblarining romanlari, saylanmalari, tanlangan asarlari nashrdan chiqarildi.

Uning tarkibida „Andijon nashriyotmatbaa“, „Ishlab chiqarish-tijorat markazi“ tarmoq aksiyadorlik jamiyatlari, „Sharq ziyokori“ aksiyadorlik jamiyati hamda „Ovqatlanish va savdo kombinati“ bor. Kompaniyaning ishlab chiqarish quvvati har oyda umumiy adadi 60 mln. nusxada 80 nomdan ortiq gazeta, 30 nomdagi jurnal, shuningdek, 70,0 ming nusxagacha qattiq muqovali, 230 ming nusxadan ortiq yumshoq muqovali kitoblar va risolalarni chop etish imkoniyatini beradi. Zamonaviy poligrafiya mashinalari va uskunalari bilan jihozlangan. Kompaniya oʻzining „Navbahor“ sanatoriysihatgohi (Toshkent viloyati Qibray tumani) va „Yangiqoʻrgʻon“ istirohat maskani, bolalar sogʻlomlashtirish lageri (Toshkent viloyati Boʻstonliq tumani)ga ega.

2004-yilda 66,9 mln. nusxa gazetalar, 42,0 mln. rangli-ottisk jurnallar, 115,3 mln. rangli-ottisk kitoblar va risolalar bosildi. Mahsulot sotish hajmi 8,7 mlrd. soʻmni tashkil etdi.

Adabiyot

tahrir
  • Shogʻulomov I., Saodat manzillari, T., 1996.