Aʼlohazrat Buxoro amirining „Buyuk knyaz Aleksey“ paroxodida vidolashish marosimi

Aʼlohazrat Buxoro amirining „Buyuk knyaz Aleksey“ paroxodida vidolashish marosimi (ruscha: Проводы Его Высочества Эмира Бухарского на пароход „Великий князь Алексей“) — 1898-yilda suʼratga olingan qisqa metrajli hujjatli film. Ozarbayjon kinematografi tarixidagi ilk suratga olingan 4ta kinosyujetlardan biri, ilk hujjatli filmdir[1][2]. U 1898-yilning 2-avgustida, Ozarbayjondagi birinchi ommaviy film namoyishida va 1900-yili Parijda boʻlib oʻtgan Butunjahon koʻrgazmasida "Jonli fotosuratlar" toʻplami ostida keng ommaga namoyish etilgan.

Tarixi

tahrir

Kinosyujet, kinematografiya paydo boʻlishidan 3 yil oʻtmay turib[3], 1898-yilning 27-iyulida Boku shahrida suratga olingan boʻlib, unda Buxoro amirligi hukmdori Abdulahadxonning Bokudan Krasnovodsk shahriga „Buyuk knyaz Aleksey“ paroxodida joʻnab ketishi oldidan oʻtkazilgan vidolashuv marosimi aks etgan. Film rejissori va operatori Aleksandr Mishon.

Ushbu film ilk marotaba 1898-yilning 2-avgustida Bokuda namoyish etilgan. Bu Ozarbayjondagi birinchi ommaviy film namoyishi hisoblanadi[3]. Shu kunning oʻzida, Aleksandr Mishon, 3 ta kinoxronika va 1 ta hujjatli filmdan tashkil topgan oʻzining ilk mualliflik dasturini namoyish etgan. Ushbu dasturga quyidagi filmlar kirgan: „Bibi-Xeybatdagi neft favvorasidagi yongʻin“, „Aʼlohazrat Buxoro amirining „Buyuk knyaz Aleksey“ paroxodida vidolashish marosimi“, „Buyuk knyaz Aleksey“, „Kavkaz raqsi“ va „Qoʻlga tushdi“[4][5].

1898-yilning 2-avgustida Kaspiy gazetasida quyidagi eʼlon bosib chiqarilgan: „1898-yilning 2-avgustida, yakshanba kuni, Vasilev-Vyatskiy sirk-teatrida, fotosuratchi A. M. Mishon, Parijda boʻlib oʻtadigan dunyo koʻrgazmasi uchun Oʻrta Osiyo va Kavkazning jonli fotosuratlar toʻplamini, muhandis I. Carpentier tomonidan yasalgan, aka-uka Lyumerlar tomonidan yaxshilangan "Kinematograf"da, faqat bir marotaba namoyish etadi.Boshqa rasmlar qatorida quyidagilar namoyish etiladi: 1. Bibi-Xeybatdagi neft favvorasidagi yongʻin 2. Aʼlohazrat Buxoro amirining „Buyuk knyaz Aleksey“ paroxodida vidolashish marosimi. 3. Kavkaz raqsi. 4." Qoʻlga tushdi " — Boku shahar bogʻidagi kulgili voqea. Tafsilotlar afishalarda koʻrsatilgan. Kechki soat 9 da boshlanadi[4][6].“

Filmlar 1900-yilda Parijda boʻlib oʻtgan Butunjahon koʻrgazmasida "Jonli fotosuratlar" toʻplami ostida katta muvaffaqiyat bilan namoyish etiladi[4]. Keyinchalik ular Parij kino arxiviga topshirilgan va hozirgacha u yerda saqlanib kelinmoqda.

Filmlarni Ozarbayjonda birinchi ommaviy namoyish etilgan kun, 2-avgust sanasi, Ozarbayjon Prezidenti Haydar Aliyevning 2000-yil 18-dekabrdagi qaroriga muvofiq, Ozarbayjon milliy kinosi kuni deb eʼlon qilingan va 2001-yildan eʼtiboran milliy bayram sifatida nishonlanib kelinmoqda[3].

Manbalar

tahrir