AQSh Konstitutsiyasi Amerika Qoʻshma Shtatlarining oliy qonuni hisoblanadi. U 1787-yil 17-sentabrda Pensilvaniya shtatining Filadelfiya shahrida boʻlib oʻtgan Konstitutsiyaviy Konvent tomonidan imzolangan. Keyinchalik, u birinchi 13 shtat vakillari tomonidan ratifikatsiya qilingan[1]. Shtatlardan toʻqqiztasi hujjatni ratifikatsiya qilgandan soʻng suveren shtatlar ittifoqi va ittifoq uchun federal hukumat yaratilgan. Bu hukumat 1789-yil 4-martda ish boshlagan. Ushbu konstitutsiya mamlakatning birinchi konstitutsiyasi boʻlgan Articles of Confederationning oʻrnini egallaydi.

AQSh Konstitutsiyasi hozirda qoʻllanilayotgan eng qadimiy federal konstitutsiya hisoblanadi[2]. Dunyo davlatlari orasida faqatgina San Marino konstitutsiyasining bir qismi 1600-yildan beri amal qiladi va AQShnikidan qadimiyroqdir. Baʼzi davlatlarda, masalan, Buyuk Britaniya va Saudiya Arabistonida, „kodifikatsiya qilinmagan“ konstitutsiyalar mavjud. Saudiya Arabistoni Qur’onni oʻz konstitutsiyasi deb biladi.

1787-yildan buyon AQSh Konstitutsiyasiga 27 marta oʻzgartirish (tuzatishlar) kiritilgan. Ushbu oʻzgartirishlarning dastlabki oʻntasi birgalikda Huquqlar toʻgʻrisidagi qonun deb ataladi va ular 1791-yilda kuchga kirgan. Eng soʻnggisi, 27-oʻzgartirish 1992-yilda kuchga kirgan. Ammo bu tuzatish 1789-yilda allaqachon taklif qilingan edi. Oʻzgartirish kiritish juda qiyin boʻlib, AQSh Kongressida uchdan ikki ovozni va barcha 50 shtatning toʻrtdan uch qismi tomonidan ratifikatsiya qilinishini talab qiladi. Shunga qaramay, Oliy sud konstitutsiyaning talqinini oʻzgartirib, matnning maʼnosi va boshqa qonunlarga taʼsirini asl oʻzgartirishlardan koʻra koʻproq oʻzgartirgan.

Konstitutsiya moddalari

tahrir

Konstitutsiya 1787-yilda imzolanganda, u kirish qismi va yettita asosiy qismdan, yaʼni moddalardan iborat edi.

Kirish qismi (Preamble)

tahrir

Kirish qismida quyidagilar bayon qilingan:

Biz, Qoʻshma Shtatlar xalqi, yanada mukammal bir Ittifoq tuzish, adolatni taʼminlash, ichki tinchlikni kafolatlash, umumiy mudofaani taʼminlash, umumiy farovonlikni ragʻbatlantirish va oʻzimiz va avlodlarimiz erkinligini himoya qilish maqsadida ushbu Qoʻshma Shtatlar Konstitutsiyasini joriy qilamiz.

Kirish qismi qonun hisoblanmaydi. U Konstitutsiya yozilishining sabablarini beradi. Kirish qismi Konstitutsiyaning eng mashhur qismlaridan biridir. „Biz, Qoʻshma Shtatlar xalqi“ soʻzlari juda tez-tez qoʻllanadi. Unda sanab oʻtilgan olti maqsad Konstitutsiyaning asosiy maqsadlari hisoblanadi.

Qonunchilik hokimiyati

tahrir

Birinchi modda Qoʻshma Shtatlar Kongressi (qonunchilik hokimiyati) Qoʻshma Shtatlar uchun qonunlar qabul qilishini belgilaydi. Kongress ikki qismdan iborat boʻlib, ular „palatalar“ deb ataladi: Qoʻshma Shtatlar Vakillar Palatasi va Qoʻshma Shtatlar Senati. Ushbu modda Kongressning har bir qismiga kim saylanishi va ular qanday saylanishini bayon qiladi.

Vakillar Palatasining aʼzolari har bir shtatda yashovchi xalq tomonidan saylanadi. Har bir shtatdagi aʼzolar soni u yerda yashaydigan odamlar soniga bogʻliq. Vakillar Palatasi aʼzolari har ikki yilda saylanadi.

Senatda esa har bir shtatdan, u yerda nechta odam yashashidan qatʼi nazar, ikki nafar aʼzo, yaʼni qonunchilar saylanadi. Har bir senator olti yil muddatga saylanadi. Dastlabki Konstitutsiyaga koʻra, senatorlarni shtat qonunchilik organlari tanlagan, ammo bu keyinchalik Oʻn yettinchi tuzatish bilan oʻzgartirilgan.

Birinchi modda, shuningdek, Kongress oʻz faoliyatini qanday yuritishi va qanday qonunlar qabul qilishi mumkinligini belgilaydi. Unda Kongress va shtatlar qanday qonunlarni qabul qila olmasligi ham keltirilgan.

Birinchi modda, shuningdek, Kongressga prezidentni, vitse-prezidentni, sudyalarni va boshqa hukumat amaldorlarini lavozimidan chetlashtirish va impichment qilish qoidalarini oʻrnatadi.

Ijroiya hokimiyati

tahrir

Ikkinchi modda prezident, vitse-prezident va ijroiya idoralari (ijroiya hokimiyati) Kongress tomonidan qabul qilingan qonunlarni amalga oshirishini belgilaydi. Ushbu modda prezident va vitse-prezident qanday saylanishini va kimlar bu lavozimlarga saylanishi mumkinligini bayon qiladi. Prezident va vitse-prezident toʻrt yilga saylanadi va ularni shtatlar tomonidan tanlangan maxsus Saylov Kolleji saylaydi. Prezident oʻz vazifasini bajara olmaydigan holatda yoki vafot etsa, vitse-prezident prezidentlikni oʻz zimmasiga oladi.

Ikkinchi modda, shuningdek, prezident Qoʻshma Shtatlar oliy harbiy qoʻmondoni (bosh qoʻmondon) vazifasini bajarishini belgilaydi. U boshqa davlatlar bilan shartnomalar tuzishi mumkin. Ammo bu shartnomalar Senatning uchdan ikki qismi tomonidan tasdiqlanishi kerak. U sudyalar, elchilar va boshqa amaldorlarni tayinlaydi, lekin bu tayinlovlar ham Senat tomonidan tasdiqlanishi lozim. Prezident qonun loyihalarini veto qilish huquqiga ega, ammo Kongress vetoni bekor qilib, loyihani baribir qonunga aylantirishi mumkin.

Sud hokimiyati

tahrir

Uchinchi modda sud tizimi (sud hokimiyati) mavjud boʻlishini, shu jumladan Oliy sudni belgilaydi. Ushbu modda Kongress Oliy suddan tashqari qanday federal sudlar kerakligini belgilash huquqiga ega ekanligini bayon qiladi.

Uchinchi modda ushbu sudlar qanday „ishlar va nizolar“ni koʻrib chiqishi mumkinligini belgilaydi. Shuningdek, u barcha jinoiy ishlar boʻyicha sudda sudyalar ishtirok etishini talab qiladi va davlatga xiyonat jinoyatini belgilaydi.

Shtatlar hokimiyati va cheklovlari

tahrir

Toʻrtinchi modda shtatlar haqida. U barcha shtatlar boshqa shtatlarning qonunlariga „toʻliq ishonch va eʼtibor“ berishi kerakligini belgilaydi. Shuningdek, har bir shtat oʻz fuqarolarini qanday teng huquqli qabul qilsa, boshqa shtatlar fuqarolarini ham shunday teng qabul qilishi kerakligini belgilaydi. Shuningdek, agar biror kishi boshqa shtatda jinoyat sodir etib qochib ketsa, uni qaytarib yuborish kerakligini aytadi.

Toʻrtinchi modda Kongress yangi shtatlar tuzishi mumkinligini belgilaydi. 1787-yilda 13 ta shtat boʻlgan. Hozirda 50 ta shtat mavjud. U, shuningdek, Kongress federal mulk uchun qoidalar qabul qilishi va hali shtat boʻlmagan hududlarni boshqarishi mumkinligini belgilaydi. Toʻrtinchi modda Qoʻshma Shtatlar har bir shtatda respublika boshqaruv shaklini taʼminlashi va shtatlarni bosqin va zoʻravonlikdan himoya qilishi kerakligini aytadi.

Manbalar

tahrir
  1. Library of Congress
  2. „US Government Printing Office“. 2006-yil 6-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2006-yil 25-sentyabr.