Abdugʻafur Rasulov
Abdugʻafur Rasulov (1937-yil 1-iyul Toshkent, Oʻzbekiston SSR — 2014-yil 17-sentyabr, Toshkent, Oʻzbekiston) — Mirzo Ulugʻbek nomidagi Oʻzbekiston Milliy universitetining oʻzbek filologiyasi fakulteti professori, filologiya fanlari doktori[1].
Abdugʻafur Rasulov | |
---|---|
Tavalludi |
1-iyul 1937-yil |
Vafoti |
17-sentyabr 2014-yil (77 yoshda) Oʻzbekiston |
Fuqaroligi | SSSR → Oʻzbekiston |
Taʼlimi | Toshkent Davlat universiteti |
Kasbi | olim, filolog |
Millati | oʻzbek |
Mukofotlari |
Hayoti va faoliyati
tahrirAbdugʻafur Rasulov 1937-yilning 1-iyul kuni Toshkent shahrida tavallud topgan. 1970-yilda dotsent ilmiy unvonini olgan. 1970—1971-yillarda Toshkent Davlat universiteti talaba va aspirantlar kasaba uyushmasining raisi sifatida faoliyat olib borgan. 1979-yilda Abdugʻafur Rasulov Yozuvchilar uyushmasiga qabul qilingan. 1996-yildan boshlab 1998-yilga qadar Oʻzbekiston Milliy universiteti oʻzbek filologiyasi fakultetining dekani sifatida faoliyat yuritgan. 2002-yilda „Hozirgi o`zbek tanqidchiligida talqin va tahlil muammosi“ mavzusida ilmiy ishni yoqlab, filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini olgan.
2004-yilda professor ilmiy unvonini olgan hamda shu yili universitetining oʻzbek filologiyasi fakulteti „Jahon adabiyoti va nazariyasi“ kafedrasi professori sifatida oʻz faoliyatini boshlagan. Abdugʻafur Rasulov 2014-yil 17-sentyabrda vafot etgan.
Abdugʻafur Rasulov tanqidchilikda ham chuqur bilimga ega bo'lgan. 1985-yilda chop etilgan „Tanqidchilik ufqlari“ kitobidan tortib „Ilmi g‘aribani qo‘msab“ (1998) nomli risolasigacha boʻlgan izlanishlarida tanqidchiligimiz haqida keng yoritib bergan. Sharq adabiyotshunosligidagi talqin ilmi haqida fikr yuritib, tanqidchilikda yangicha yondashuvlarning shakllanishi zaruriyat ekanligini ilmiy asoslab bergan. Olimning „Hozirgi oʻzbek tanqidchiligida tahlil va talqin muammosi“ nomi ostida nashr etilgan doktorlik tadqiqoti ham tanqidchilik sohasiga doir koʻpgina jihatlarni yoritib bergan. Abdugʻafur Rasulov tanqid nazariyotchisi sifatida eʼtirof etilgan. 2006-yilda domlaning „Tanqid, talqin, baholash“ nomli kitobi nashrdan chiqqan[2].
Asarlari va muharrirligida nashr qilingan kitoblar
tahrir- „Oʻzbekiston komsomoli mukofoti laurentlari“ — „Yosh gvardiya“ nashriyoti, 1977-yil (L.Qayumov va M.Olimov bilan hammualliflikda).
- „Yangi zamon — yangi qahramon“ — Gʻafur Gʻulom nomli Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1978-yil.
- Ozod Sharafiddinov, „Adabiy portretlar“ — Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1980-yil.
- „Oʻzbek prozasining kamoli“ — „Oʻzbekiston“ nashriyoti, 1981-yil.
- „Tanqidchilik ufqlari“ — Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1985-yil.
- „Olim va tarjimon“ — Gʻafur Gʻulom nomidagi Adabiyot va sanʼat nashriyoti, 1985-yil.
- „Oʻzbek adabiy tanqidchiligi“ — „Oʻqituvchi“ nashriyoti, 1990-yil (N.Xudoyberganov bilan hammualliflikda).
- „Universitet taʼlimi uchun oʻzbek filologiyasi mutaxassisligi boʻyicha oʻquv dasturlar“ (mas’ul muharrir) — „Universitet“ nashriyoti, 1997-yil.
- „Oʻzbek adabiyotini oʻqitishning dolzarb muammolari“ (mas’ul muharrir) — „Universitet“ nashriyoti, 1997-yil.
- „Ilmi gʻaribani qoʻmsab“ — „Maʼnaviyat“ nashriyoti, 1998-yil.
- „Isteʼdod va eʼtiqod“ — „Sharq“ NMK, 2000-yil.
- „Ardoqli adib“ — „Sharq“ NMK, 2001-yil.
- Abdulaziz Muhammadkarimov, „Toshkentnoma“, 1-kitob — „Movarounnahr“ nashriyoti, 2004-yil (mas’ul muharrir).
- Bahodir Karim, „Yangilanish sogʻinchi“ — „Adabiyot jamgʻarmasi“ nashriyoti, 2004-yil (mas’ul muharrir).
- Ozod Sharafiddinov, „Dovondagi oʻylar“ — „Maʼnaviyat“ nashriyoti, 2004-yil (mas’ul muharrir).
- Ozod Sharafiddinov, „Bibliografik koʻrsatkich“ — „Universitet“ nashriyoti, 2005-yil (mas’ul muharrir).
- Rustam Sharipov, „Jadid adabiyotida yangilanish“, islohot va mustaqillik uchun kurash — 2005-yil (mas’ul muharrir).
- „Tanqid, talqin, baholash“ — „Fan“ nashriyoti, 2006-yil.
Abdugʻafur Rasulov „Yangi zamon — yangi qahramon“ (1977), „Ozod Sharafiddinov“ (1980), „Tanqidchilik ufqlari“ (1985), „Olim va tarjimon“ (1985), „Ilmi g`aribani qo`msab...“ (1998), „Iste`dod va e`tiqod“ (2000), „Ardoqli adib“ (2001), „Tanqid, talqin, baholash“ (2006), „Sharafli Sharafiddinovlar“ (2006), „Badiiylik — bezavol yangilik“ (2007), „Betakror o`zlik“ kabi kitoblar muallifidir[3].
Mukofotlari
tahrir2003-yilda Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi, 2007-yilda Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi unvoni bilan mukofotlangan.
Manbalar
tahrir- ↑ „Abdug‘afur Rasulov. Tilshunoslar sardori edi“. uzpedia.uz. 2024-yil 17-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 17-iyul.
- ↑ „Rasulov Abdug‘afur“. Arboblar.uz. 2024-yil 17-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 17-iyul.
- ↑ „Barmoqdagi muhr.Taniqli adabiyotshunos olim Abdug’afur Rasulov bilan suhbat“. kh-davron.uz. 2014-yil 30-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2024-yil 17-iyul.