Abdullajon Karimov — qoʻqonlik davlat va jamoat arbobi. OʻzSSR XKS raisining birinchi oʻrinbosari.

Abdullajon Karimov
OʻzSSR XKS raisining birinchi oʻrinbosari
Shaxsiy maʼlumotlari
Tavalludi 1896-yil
Qoʻqon shahri
Vafoti 1938-yil

Faoliyati

tahrir

Abdullajon Karimov 1896-yil Qoʻqon shahrining Qipchoq ariq mahallasida tavallud topgan. Otasi Karimjon boʻlib, usta hunarmand edi. Bundan tashqari u 5 tanoblik yerida dehqonchilik bilan shugʻullanardi. Abdullajon dastlab mahalladagi eski usul maktabida tahsil oladi. 1912-yil otasi vafot etadi. 1913-yil 3 yil davomida Qoʻqondagi mashhur jadid muallimi Abduvahhob Ibodiy „Irfon“ maktabida oʻqiydi. Abdullajon Karimov 1915-yilda rus-tuzem maktabida oʻqib, rus tilini puxta oʻrganadi. Bundan tashqari u madrasa mudarrislariga qatnab, fors va arab tillarini oʻrganadi. Jadid matbuoti orqali turk va tatar tillarini oʻrganadi. U Turkiston Muxtoriyati bilan bogʻliq tadbirlarda ham faol ishtirok etadi. Qoʻqonda tashkil etilgan „Toʻqimachilar uyushmasi“ga ishga kiradi. 1918-yili ushbu uyushma tavsiyasi bilan Fargʻonadagi oʻqituvchilarni tayyorlash kursiga oʻqib keladi va Qoʻqonda tashkil etilgan „Istiqlol beshigi“ deb nomlangan maktabda dars bera boshlaydi[1]. 1921-yil yanvardan maygacha Qoʻqon shahar ijroqoʻmi raisi, 1921-yil noyabrdan 1923-yil dekabrgacha Fargʻona muzofot partiya qoʻmitasi mas’ul kotibining oʻrinbosari, ayni paytda, 1922-yil iyunidan 1923-yil mayigacha muzofot inqilobiy qoʻmitasi raisi oʻrinbosari boʻladi. U faoliyati davomida oʻzbek ilmiy-tekshirish intituti va Samarqanddagi Oʻzbekiston pedakademiyasi faoliyatini har jihatdan qoʻllab-quvvatlaydi. 1929-yildan u Oʻrta Osiyo Iqtisodiy kengashi raisi sifatida oʻz faoliyatini olib boradi. 1930-yil maydan 1937-yil iyungacha OʻzSSR XKS raisining birinchi oʻrinbosari sifatida ishlaydi. 1937-yil 26-iyunda Yoʻldosh Oxunboboyev tavsiyasi bilan OʻzSSR XKS raisi lavozimiga tayinlanadi. 1937-yil 5-sentabr kuni Abdullajon Karimov qamoqqa olinadi. 1938-yil 27-aprelda Moskvada boʻlib oʻtgan sud jarayonida unga oliy jazo beriladi va hukm oʻsha kunning oʻzida Moskvadagi Butovo qabristonida ijro etiladi. Abdullajon Karimov 1957-yil 1-avgust kuni SSSR Oliy sudi harbiy kollegiyasi tomonidan oqlanadi[2].


Manbalar

tahrir
  1. Irzayev B. Qoʻqon tarixidan lavhalar. Toshkent: „Akademnashr“, 2020 — 240-bet. 
  2. Hasanov B. Tarixning nomaʼlum sahifalari VIII kitob. Toshkent: „Akademnashr“, 2018 — 304-bet.