Abdurahmon Moʻmand – Moʻmandlar adabiy maktabi asoschisi va yirik mutasavvuf shoir sifatida mashhur.

Moʻmandlar qabilasidan boʻlgan Abdurahmon (taxallusi Rahmonbobo) 1632-yil Peshovarda tugʻilgan. Xazarxon degan joyda maqbarasi mavjud.

Xushxolxon Xatak adabiy maktabidan soʻng afgʻon mumtoz adabiyoti gullashida Moʻmandlar adabiy maktabining xissasi katta.

Abdurahmon, asosan, gʻazal, muxammaslar yozgan. Devon tuzgan. Uning asarlari eng koʻp nusxada koʻchirilgan. Rahmonbobo garchi tasavvufiy mavzular, tasavvufiy obrazlar, diniy-mistik qarashlarni oʻz sheʼrlarida koʻplab ishlatsada, xalq uni bular uchun emas, balki ulardagi yuksak insoniy ideallarni kuylaganligi uchun sevadi.

Abdurahmon oʻz davrining qarama-qarshiliklari, ijtimoiy adolatsizliklar, boy tabaqalarning yanada boyishi, kambagʻallarning yanada qashshoqlashuvini yozar ekan, bu tarzdagi sheʼrlarida oʻsha adolatsizlik, ayniqsa, koʻr-koʻrona amalda boʻlgan diniy illatlarga shoirning chuqur nafratini, eʼtirozini koʻrsatib turadi.

Darvoqe, shoir bu xususdagi oʻz munosabatini bir sheʼrida quyidagicha bayon etadi:

Bir qishloqda yashay olmas darvesh ila xon,

Begonadir Azizxonga malang Abdurahmon…

Shoirning gʻazallari asosan ishq-muhabbat mavzusiga bagʻishlangan. Koʻplab ishqiy gʻazallari tasavvufona ishqiy mavzuda, yaʼni Alloh jamoliga boʻlgan ishq. Ammo u aslida tasavvuf shoiri emasdek koʻrinadi. Chunki Rahmonboboning juda koʻp jozibali, oʻynoqi gʻazallari haqiqiy insoniy ishq, insoniy goʻzalikka bagʻishlangandir. U bir gʻazalida shunday yozadi:

Hech kim boʻlmasin giriftori qaro sochlarning,

Asiri boʻlmasin hech bu qaro sochlarning.

Aylar seni parishon-parishon qaro zulfdek,

Gar har qancha boʻlsang intizori qaro sochlarning.

Mahshar olamida qachon osudalik boʻlibdi?!

Shundayin boʻlmagay, istasa ham, osudaligin qaro sochlarning.

U pashto gʻazalining barcha imkoniyatlarini ishga solib, bu janrning pashto tilidagi yuksak namunalarini yaratdi va oʻzidan keyingi shoirlar ijodiga barakali taʼsir koʻrsatdi.

Abdurahmondan keyin afgʻon mumtoz adabiyoti rivojiga katta hissa qoʻshgan bir necha shoirlar mavjuddir. Ularning koʻplari Rahmonboboni oʻz ustozi deb biladilar. Bular Pirmuxammad Kokar, Shamsuddin Kokar va boshqalar[1].

  1. Абдурахим Маннонов. АФГОНИСТОН ХАЛКЛАРИ ФОЛКЛОРИ ВА МУМТОЗ АДАБИЕТИ ТАРИХИ. Тошкент Давлат шаркшунослик институти, 2001.