Abstrakt sanʼat (lotincha: abstractus — mavhum), abstraksionizm -tasviriy sanʼatdagi oqim. Rangtasvir, haykaltaroshlik, grafikada asosan real narsa va hodisalarni tasvirlashni rad etadi. 20-asr 10-yillarida Yevropamamlakatlarida vujudga kelib, 40-yillarning oxiri — 60-yillarning boshida keng tarqaldi. Dastlabki namunalari rus V. Kandinskiy, K. Malevich, fransuz R. Delone va boshqa rassomlar tomonidan yaratildi. Keyinroq ukrain A. Arxipenko, rumin K. Brinkushi va boshqa abstrakt haykaltaroshlik tajribalariga murojaat qildi.

Birinchi jahon urushidan keyin abstrakt shakllarni meʼmorlik, bezak sanʼati, dizaynga tatbiq etishga, ularni mat. va muhandislik qoidalari asosida qurishga intilishlar kuzatildi (V. Tatlin, A. Pevzner, N. Gabo konstruksiyalari). Ikkinchi jahon urushi davrida AQShda „sof psixik avtomatizm“, gʻayriixtiyoriy subʼyektov turtki, tasodifiy rang va sifatlar uygʻunligini asosiy usul qilib olgan abstrakt ekspressionizm maktabi (rassom J. Pollok, M. Tobi va boshqalar) yuzaga keldi. 50-yillar Yevropa, Amerika mamlakatlari tasviriy sanʼatida As. ustun yoʻnalishga ay land i. 60-yillarda As. („Opart“ kabi) koʻrinishlari rivojlandi.

Oʻrta Osiyo, jumladan Oʻzbekiston hududida qadimdan yaratilgan tasviriy va amaliy bezak sanʼati namunalaria ham As. koʻrinishlari uchraydi. Ularda afsonaviy firdavs bogʻlari oʻzining ramziy ifodasini topgan. Ayniqsa, kitobat sanʼatidagi abri bahor usulida yaratilgan qoʻlyozma kitob bezaklari, abrbandi usulida tayyorlangan atlas va boshqa matolarning gullari bu sanʼatning namunasidir.

Oʻzbekistonda tom maʼnodagi As.ga xos xususiyatlar 20-asrning 10-yillaridan paydo boʻla boshladi va keyinchalik bir qator rassomlar (S. Fedorchenko, V. Ufimsev va boshqalar) diqqatini oʻziga jalb etdi. Soʻnggi yillarda bu sanʼat taʼsiri qisman N. Shin, A. Kedrin, B. Jalolov ijodida seziladi.[1]

Manbalar tahrir

  1. "Abstrakt sanʼat" OʻzME. A-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil