Abulvafo Xorazmiy (1432-yil Xorazmda vafot etgan) – tasavvuf olimi, mutasavvif shoir. Ilmiy-adabiy manbalarda uning “Lavoyi­hi asror” (“Ravshanlik sirlari”) va “Nasr ul-javohir” (“Nasr durdonalari”) nomli ilmiy-tasavvufiy ruhda risolalar yozganligi toʻgʻrisida maʼlumot berilgan. Lekin u asosan ruboiylari bilan mashhur boʻlgan. Taniq­li afgʻon adabiyotshunos olimi Najib Moyil Hiraviy Tehronda nashr etilgan “Dar shabistoni irfon” (“Irfon xilvatxonasida”) asarida Abulvafo Xorazmiy haqida ham muxtasar gapirib, uning 146 ta ruboiysini ilova tariqasida keltiradi. Bu ruboiylar Tehron Milliy kutubxonasida 306-raqam ostida saqlanayotgan “Jungi asrori irfon” (“Irfon sirlari daftari”) toʻplamidan olingan. Tehronda 1993-yilda chop etilgan “Ruboiynoma” toʻplamiga esa shayx-shoirning 98 ta ruboiysi kiritilgan.

Abulvafo Xorazmiyning ruboiylari vahdat ul-vujud taʼlimotining sheʼriy ifodasi hisoblanadi. U tasavvuf nazariyasi talab-qoidalarini sheʼriy usulda bayon qilib bergan. Bu dunyoning oʻtkinchiligi, nafs va jismning Haq yoʻlida toʻsiqligi, haqiqiy hayot Alloh huzurida ekanligi, buning uchun kamolot kasb etib, xulqni poklab, komillik martabasiga erishish zarurligi, Alloh haqiqatlar haqiqati ekanligi, uni aql bilan anglab boʻlmasligi, faqat yuksak maqomga koʻtarilgan koʻngil holi bilan uni tanish mumkinligi, Alloh ehtiyojsiz zot ekanligi, bu dunyoni oshkor qilib, oʻzini pinhon tutganligi, banda koʻngliga ilohiy ishq Allohning oʻzi tomonidan solinishi, oʻzini bilgan hoy-u havasga qul boʻlmasligi, darveshlik, zavq-u talab, dardmandlik, faqr-u fano, Haq yoʻlida oʻzni unutish, nom-u nishonsizlik va boshqalar Abulvafo Xorazmiy ruboiylarining asosiy mavzusi hisoblanadi.

Uning nomi “Majolis un-nafois”­ning birinchi majlisi va “Naso­yim ul-muhabbat”da tilga olinadi. Navoiy uning avliyo zot ekanligini, Xorazm xalqi orasida “yer farishtasi” nomi bilan shuhrat qozonganligini, zohiriy va botiniy ilmlarni yaxshi oʻzlashtirganligini aytib, tasavvuf va musiqa ilmiga doir risola bitganligi haqida maʼlumot beradi va quyidagi ruboiysini keltiradi:

Bad kardamu eʼtizor badtar zi gunoh,

Zero, ki dar in hast se daʼviyi taboh:

Daʼviyi vujudu daʼviyi quvvatu feʼl,

Lohavla valo quvvata illo billoh.

(Mazmuni: Uch nohaq daʼvo sabab yomon ish qildimki, uzri gunohdan battar: ular vujud, quvvat va feʼl daʼvosi boʻlib, barcha kuch va qudrat sohibi Allohdir)[1].

Manbalar

tahrir
  1. Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat. Sharq NMAK, 2016.