Aeroionoterapiya
Aeroionoterapiya (aero… va yun. ion — keluvchi, terapiya) — havo ionlari bilan davolash usuli. Bunda maxsus asboblar — aeroionizatorlar ishlatiladi; ular yordamida havoda koʻplab aeroionlar hosil qilinadi. Aeroionlar nafas yoʻllari va oʻpka alveolalaridagi oʻz konsentratsiyasi va zaryadiga qarab, oʻpka interoreseptorlari — sezuv nervi uchlarining qoʻzgʻaluvchanligini oʻzgartiradi. Bu yerda hosil boʻlgan impulslar bosh miya markazlariga boradi, soʻngra aʼzolarga tegishli signallar yetib keladi. Aeroionlar oʻpka alveolalari devoridan qonga oʻtib, oʻz zaryadini qon oqsillari va hujayra elementlariga beradi. Natijada qon va boshqa suyuqliklarda (mas, orqa miya suyuqligʻida) elektr zaryadlarining miqdori oʻzgaradi, bu hol markaziy va vegetativ nerv sistemasining faoliyatiga, pirovardida, organizm faoliyatiga foydali taʼsir etadi. Aeroionoterapiya taʼsirida toʻqimalarda moddalar almashinuvi va oksidlanish qaytarilish jarayonlari tezlashadi, kislorod bilan taʼminlash kuchayadi. Aeroionoterapiya odatda boshqa davo tadbirlari bilan birga qoʻllanadi. Aeroionoterapiyadan bronxiol astma, gipertoniya, uzoq vaqtgacha bitmaydigan yarachaqalarni va boshqa kasalliklarni davolashda foydalaniladi. Aeroionoterapiya umumiy tarzda qoʻllanishi yoki havo oqimi faqat jarohat, yaraga yoʻnaltirilishi mumkin. Aeroionoterapiyaning bir qadar mukammal usuli-gidroaeroionoterapiya Toshkentdagi Salomatlikni tiklash va fizioterapiya ilmiy tadqiqot institutida keng qoʻllanadi.[1]
Manbalar
tahrirUshbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |