Ahmadjon Abdusaidov
Ahmadjon Abdusaidov – pedagog, yozuvchi, shoir, jadid maʼrifatparvarlaridan.
Ahmadjon Abdusaidov | |
---|---|
Tavalludi |
1875-yil |
Vafoti |
1937-yil 14-oktyabr Toshkent |
Fuqaroligi |
Buxoro amirligi Buxoro Xalq Sovet Respublikasi O‘zbekiston SSR |
Taʼlimi | Dor ul-voizin (Istanbul) |
Kasbi | pedagog, yozuvchi, shoir |
Hayoti
tahrirAhmadjon Abdusaidov 1875-yilda Buxoro shahrining „Muftiyzoda“ mahallasida tugʻilgan. Buxorodagi eski maktab va madrasalarda taʼlim olgan. Masjid qoshida yangi usuldagi jadid maktabi ochib bolalarga dars bergan. Ahmadjon Abdusaidov tatar matbuoti orqali jadidchilik gʻoyalari bilan tanish boʻlgan. „Tarbiyai atfol“ jamiyatining ishlarida faol qatnashgan[1]. Oʻz sheʼrlarida „Hamdiy“ taxallusini qoʻllagan. 1911—1913-yillarda bir guruh yoshlar bilan birga Turkiyaga boradi va Istanbul shahridagi „Dor ul-voizin“ maktabida oʻqiydi.
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuzilgandan soʻng, 1920—1921-yillarda BXSR Markaziy Ijroiya Komiteti raisi lavozimida faoliyat olib borgan[2]. Keyinchalik Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tugatiladi. Oʻrnida Oʻzbekiston SSR tashkil etilgach, sovet maʼmurlari tomonidan Ahmadjon Abdusaidov eski jadidlar vakili sifatida hukumat ishlariga olinmagan. Hamdiy shundan soʻng Tojikiston SSRning Dushanbe shahrida Tojikiston yozuvchilar uyushmasi aʼzosi sifatida ish olib borgan. 1935—1937-yillarda Tojikiston yozuvchilar uyushmasida adabiy maslahatchi boʻlib ishlagan.
Qatagʻon qilinishi
tahrirAhmadjon Abdusaidov Hamdiy 1937-yil mehnat taʼtiliga chiqib Toshkentga qaytadi. Oʻsha yilning 8-sentyabrida „Milliy ittihod“ning rahbarlaridan deb qamoqqa olishga qaror chiqariladi va Abdusaidov 9-sentyabr kuni Toshkent shahri, Oktyabr tumani, „Oʻtkir“ mahallasi 76-uydan hibsga olinib olib ketilgan.
Ahmadjon Abusaidov 1937-yil 13-sentyabr kuni soʻroq paytida „Milliy ittihod“ nomida tashkilotiga aʼzoligi, tashkilot tarkibida Fayzulla Xoʻjayev, Usmon Xo‘jayev, Ota Poʻlatovich Xoʻjayev, Muso Saidjonov, Abduqodir Muhiddinov, Muxtor Saidjonov, Rahmat Rafiq, Muhiddin Hakimov – Ravkat, Mukammil Burhonov, Hoshim Shoyiq, Muinjon Aminjonov, Naimjon Yoqubzoda, Abdulhamid Oripov, Mirzo Izzatullo Amin, Shavkat Sulaymonov, Ismoil Sadriy, Saidahmadxoʻja Eshonxoʻjayevlar borligi haqida maʼlumot beradi. Tashkilot koʻrsatmasi bilan oʻzining Ota Xoʻjaev bilan birga Sharqiy Buxoroga borgani, istiqlolchilardan milliy armiya ham yaratmoqchi boʻlgani haqida, 1923-yildan harakatlari besamar ketganidan soʻng, tashkilot faoliyati toʻxtagani haqida aytadi[3].
1937-yil 14-oktyabrda NKVD qoshidagi maxsus „uchlik“ tomonidan Ahmadjon Abusaidov otuvga hukm qilingan. Ahmadjon Abdusaidning oʻgʻli Anvar Ahmedov 1956-yilda 29-iyulda Leningrad shahridan SSSR IIVga yozgan arizaga Ahmadjon Hamdiyning 1937-yil 10 yilga mehnat tuzatish lageriga hukm qilinib, 1942-yil 14-oktyabr kuni yurak yetishmovchiligi xastaligidan vafot etgan deb javob berilgan. Qizi Hidoyat Ahmedovaning 1964-yil 23-martda Stalinobod shahri, Ozodi zanon koʻchasi, 151-uydan TojSSR DHQga yozgan arizasiga esa Ahmadjon Hamdiy 1946-yil vafot etgan degan xabar kelgan.
Oilasi
tahrirAhmadjon Abdusaidovning 3 nafar farzandi boʻlgan, 2 oʻgʻil va 1 qiz. 1922-yilning kuzida katta oʻgʻli Afzal Abdusaidni Germaniyada oʻqishga yuborgan. Afzal Abdusaid Berlinda arxitektura sohasida oliy maʼlumot olgan. U oʻziga pul berish evaziga yollanishini talab qilgan sovet chekisti Mixalkovning pulini pochta orqali qaytarib fosh etishi bilan Germaniya matbuotida juda mashhur boʻlgan. Kichik oʻgʻli Anvar Leningraddagi ishchi fakultetida tahsil olgan. Qizi Hidoyat Ahmedovaning faoliyati haqida esa maʼlumot mavjud emas.
Manbalar
tahrir- ↑ Yusuf Manzarov, Dilshod Ro'ziboyev. Education in the heritage of the jadids of Turkey. Parij, Fransiya: Global Symposium on Humanity and Scientific Advancements, 30-noyabr 2021-yil — 128-bet.
- ↑ Qahramon Rajabov „Tarix qatidagi haqiqat: Buxoro amirligi qanday tugatilgan edi?“ (o'zbekcha). zarnews.uz (2020-yil 1-noyabr). Qaraldi: 8-iyul 2023-yil.
- ↑ Bahrom, Irzayev „Ahmadjon Abdusaidov - sovet chekistini fosh qilgan ziyoli“ (o'zbekcha). Azon.uz (2023-yil 17-yanvar). 2023-yil 8-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 8-iyul 2023-yil.