Ajal (arabcha: vaqt oralig‘i, belgilangan muddat) – Qur’oni Karimda ajal oʻlim-qazo, qiyomat, belgilangan muddat, muayyan vaqt, ajrashgan ayol iddasining tugashi maʼnolarida 21 suraning 31 joyida keladi. 1) Ajal oʻlim vaqtini bildirish maʼnosida: „Ajallari kelgan vaqtida biror soat kechga ham, ilgariga ham sura olmaydilar“ (Aʼrof, 34), yaʼni har bir tirik mavjudot umrining belgilangan muddati – ajali bor. Ajal muqarrar vaqtda keladi, uni na biror soat kechga va na biror soat oldinga surib boʻlmaydi. 2) Belgilangan muddat maʼnosida. Masalan, Qasos surasining 29-oyatida Muso (a.s.) belgilangan muddatni oʻtashlari Ajal bilan ifodalangan: „Bas, qachonki, Muso (kelishilgan) muddatni oʻtab, oilasi bilan (Misr tomon) yoʻlga tushgach, Tur (togʻi) tarafidan bir olovni koʻrib qoldi“. 3) Muayyan vaqt maʼnosida: „Biz (sizlarni) muayyan muddatgacha bachadonlarda qoldirib, soʻngra chaqaloq holingizda (dunyoga) chiqarurmiz“ (Haj,5), „Ey, imon keltirganlar! Bir-biringizdan biror muddatga qarz olib, qarz bersangiz, uni yozib qoʻyingiz“ (Baqara, 282). 4) Ayol iddasining tugashi: „Bas, qachonki, (taloq qilingan ayollar idda) muddatiga yetsalar, bas, ularni yaxshilik bilan olib qolingiz yoki yaxshilik bilan (mahrlarini berib) ajrashingiz!“ (Taloq, 2). 5) Qiyomat kuni maʼnosida: „Belgilangan ajal (qiyomat boʻlish vaqti) ham Uning huzuridadir“ (Anʼom, 2)[1].

Manbalar

tahrir
  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 21-22.

Adabiyotlar

tahrir
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.