Animatizm (lotincha, "animatus" — jonli) ham insonlar hayotiga ta’sir ko‘rsatadigan, dunyoga yoyilib ketgan o‘ziga xos shaxssiz kuchning mavjudligiga ishonchni aks ettiradigan arxaik din shakllaridan biri hisoblanadi. Ushbu atama ilk bor ingliz antropologi R.Marett (1866-1943) tomonidan qo‘llangan. Olim Okeaniya qabilalarini o‘rganish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalariga tayangan holda, din paydo bo‘lishining ilk bosqichida “mana” deb nomlangan, mo‘jizakor kuchga ega bo‘lgan e’tiqod muhim rol o‘ynagan. Shuningdek, bunday kuchga odamlar, hayvonlar, predmet va hodisalar ham ega bo‘lishi mumkin deb tasavvur qilingan. Ilk jamiyat vakillari dini hayot mobaynida aynan, shu kuchga egalik qilishga intilish g‘oyasiga tayangan. Bunday kuchlarga topinish qadimda ko'plab qabilalarga xos bo‘lgan. Masalan, melanizeylarda - “mana”, irokezlarda - “orenda”, algonkinlarda - “manitu”, pigmeylarda - “megbe” va hokazo. Shunga ko‘ra, mutaxassislar animatizmning arxaik davr diniy tasavvurlarining ajralmas tarkibiy qismi bo‘lgani to‘g‘risidagi xulosaga kelganlar. Animizmdan farqli ravishda, animatizm shaxsiy nomoddiy mavjudotlarga nisbatan iymon, ishonchni ifoda etmaydi[1].

Animatizm jonsiz mavjudotlarda mavjud bo'lgan g'ayritabiiy kuchlar tushunchasidan foydalanib, animizmning asosini qo'ydi va shu bilan yanada murakkab e'tiqod tizimlarining rivojlanishiga yo'l ochdi.[2]

Manbalar

tahrir
  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 38.
  2. Koto, Koray „Animatizm ve Mana: Dini Evrimin İlk Aşamaları“ (tr). ULUKAYIN Türkçe.

Adabiyotlar

tahrir
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.