Anisiy, Abdurahim ibn Abdurahmon Xorazmiy – Navoiy sheʼriyati ixlosmand­lari 1471-yilda koʻchirgan “Oqquyunli muxlislar devoni”ning xattoti. Oqquyunli hukmdorlar Sulton Xalil (1478) va Sulton Yaʼqub (1478–1490) davrida Tabriz va Sherozda faoliyat olib borgan. 1460–1494-yillarda shu sulola vakillari uchun qoʻlyozmalar koʻchirgan. Qozi Ahmadning xattotlar va rassomlar haqidagi risolasida, Anisiy taxallusini unga Oqquyunlilar hukmdori Sulton Yaʼqub berganligi aytilgan. Otasi Abdurahmon Xorazmiy va ukasi Abdulkarim Xorazmiy ham oʻz davrining taniqli xattotlari boʻlishgan. Anisiy Sulton Ali Mashhadiy bilan birga xattotlikdan Zahiriddin Azhar Tabriziy qoʻlida tahsil olgan. Anisiy ustozi Azharning xat uslubini yanada takomillashtirib, otasi bilan hamkorlikda nastaʼliq xatida oʻziga xos uslub kashf etadi. Mazkur uslub “Uslubi Anisiy” yoki “Shevai Anisiy” deb ataladi.

Saʼdiyning “Boʻston”i, Hofiz Sheroziy devoni, Nizomiy Ganjaviyning “Xamsa”si va xattotning oʻz sheʼrlari majmuasi – “Devoni Anisiy”ni Anisiy koʻchirgan qoʻlyozmalar jumlasiga kiritish mumkin. U Alisher Navoiyning sheʼrlarini 1471-yil 26-dekabr­da koʻchirib tugallagan. Mazkur devonga Navoiyning, asosan, 1466–1471-yilda yozgan sheʼrlari kiritilgan. Navoiyning ana shu devoni tilida Oqquyunli hududida istiqomat qiladigan turkiy oʻgʻuzlarga xos unsurlar ham uchraydi. Lekin bu devonni xattot Anisiyning oʻzi tuzganmi yoki boshqa ixlosmandlarmi, hozircha maʼlum emas[1].

Manbalar tahrir

  1. "Alisher Navoiy: Qomusiy lugʻat".