Arabon guzari
Bu maqolaga boshqa birorta sahifadan
ishorat yoʻq. (avgust 2024) |
Arabon (arablar) — Buxoro shahridagi XV asrga oid guzar. Aholisining ko‘pchilik qismini arablar tashkil etgani uchun shunday nomlangan. Arabon guzari Buxoro xoni Abdulazizxon tomonidan 1540—1549-yillarda qadimiy devor bilan birga qurilgan Salloxona darvozasi oldida, yo‘l yoqasida joylashgan[1].
Umumiy maʻlumotlar | |
---|---|
Shahar | Buxoro |
Kim sharafiga nomlangan | guzar aholishining ko‘pchiligini tashkil etgan arablar sharafiga |
Guzar tarixi
tahrirArabon guzari aholisining asl mashg‘uloti qorako‘l terini oshlash bo‘lgan. Bu guzarda qorakoʻl savdosi bilan shugʻullanuvchi aholi istiqomat qilgan. Guzarda Arabon masjidi bo‘lib, o‘zining qadimiy me’morchiligi bilan ajralib turadi[2]. Uning tepasida marmar toshda „Machitni Abdulla Safedmo‘y qurgan“ deb yozilgan. Bu masjidda mahalla ahli namoz o‘qigan. Guzarda XIX asr oxiri — XX asr boshlarida qorako‘l terilari bilan savdo qilgan Jo‘rabek yashab, u Rossiya bilan savdo-sotiq ishlarini olib borgan[3].
Arabon guzari Salloxona darvozasiga yaqin bo‘lgani uchun XVI asrning ikkinchi yarmida qal’a qurilayotganda guzar ahli ularga ko‘p yordam bergan. Guzar boylari esa ancha pul, boshqalar ot-ulov, yordamchi kuchlarni yuborgan.
1927-yil 10-avgustda olingan hisoblarga ko‘ra guzarda 81 xo‘jalik bo‘lib, 405 kishi istiqomat qilgan. 1929-yilning 5-fevralida guzarlar yana qayta ro‘yxatdan o‘tkazilganda Arabon, Mir Mas’ud, Shayx Sho, Qutlug‘ guzarlari birlashtirilib, uning nomi Taraqqiyot deb atala boshlandi[4].
Sadriddin Ayniy o‘zining „Namunayi adabiyoti tojik“ nomli asarida Munzim taxallasi bilan faoliyat yuritgan, Buxorodagi jadidlik harakati va Yosh buxoroliklar tashkiloti asoschilaridan biri bo‘lgan Mirzo Abdulvohid Burhonov 1877-yilda mana shu guzarda istiqomat qilganligini yozgan. U kishi Buxoroda yangi usuldagi maktab ochib, ko‘pgina kitoblar ham yozgan. „Majmuayi asar“, ya’ni „Asarlar to‘plami“ shular qatoriga kiradi.
Bu guzar Sarrafon toqigacha olib keladigan hozirgi Arabon ko‘chasida joylashgan. Arablar avlodi shu mahallada hozir ham istiqomat qiladi.
Manbalar
tahrir- ↑ Сухарева О.А. Квартальная община Бухары. Москва: Наука, 1976 — 80—82-bet.
- ↑ Boltayev A. Buxoro toponimikasi (birinchi qism). Buxoro: Durdona, 2022 — 40-bet.
- ↑ Баҳромов Қ., Шодиева Н. Бухоро тарихий обидалари географияси. Бухоро: Дурдона, 2020 — 56-bet.
- ↑ Раҳматова С., Қурбонов Ҳ. Бухоро гузарлари тарихидан лавҳалар. Бухоро: Бухоро, 1995 — 9-bet.