Arman-Grigorian cherkovi-V asrning o‘rtalarigacha Arman-grigorian cherkovi xristianlikning bir tarmog‘i hisoblangan. Lekin Vizantiyadan mustaqil bo‘lishga harakat qilgan hamda 451-yilda bo‘lib o‘tgan Jahon soborining monofizitlarga qarshi qaroriga norozilik bildirgan Arman-apostol cherkovi amalda ham Sharqiy, ham Gʻarbiy cherkovlardan ajralishga muvaffaq bo‘ldi. Arman-apostol cherkovining diniy ta’limoti pravoslavlik ta’limotiga juda yaqin. Faqat Arman-apostol cherkovida pravoslavlikdan farqli ravishda Isoning jismida xudolik va insonlik xislati alohida-alohida mavjud bo‘lmay, ular o‘zaro qo‘shilib ketgan, deb hisoblanadi. Cherkov ta’limotida xristianlikning barcha sirli marosimlari tan olinadi. Shu bilan birga, Arman-grigorian cherkovida boshqa xristian yo‘nalishlarida uchramaydigan “matax” deb nomlanadigan qurbonlik keltirish marosimi mavjud. Bu marosim katta bayramlar munosabati bilan amalga oshirilib, buqa, qo‘y yoki parranda so‘yilib, uning go‘shti maxsus duo bilan muqaddas tuzli suvda pishiriladi. Pishgan go‘shtning hammasi shu kunning o‘zida yaqin kishilarga tarqatilishi lozim. Ushbu cherkov vakillari Iso tug‘ilgan kuni (Rojdestvo, 6-yanvar), Isoning xatna qilinishi (14-yanvar) kabi bayram va marosimlarni nishonlaydilar. Samarqand shahridagi Arman-grigorian cherkovi 1903-yildan faoliyat ko‘rsata boshlagan[1].

Manbalar

tahrir
  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 46.

Adabiyotlar

tahrir
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.