Azim Hojiyev
Azim Hojiyev (1933.18.12, Toshkent viloyati Toshkent tumani) – tilshunos. Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi akademik (2000), Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi (2000), filol. fanlari doktori (1968), professor (1977). Oʻrta Osiyo universitetining filol. fakultetini tugatgan (1956). Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Til va adabiyot institutida kichik, katga ilmiy xodim (1959–69), boʻlim mudiri (1969-90), direktorning ilmiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari (1969–73; 1985-90), bosh ilmiy xodim (1998-yildan). Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi Tilshunoslik institutining direktori (1991–98), ayni paytda "Oʻzbek tili va adabiyoti" jurnalning bosh muharriri. Hojiyevning ilmiy ishlari oʻzbek tili grafikasi va imlosi, morfologiyasi (xususan feʼl turkumi) va soʻz yasalishi, leksikologiyasi va leksikografiyasi, terminologiyasiga, hozirgi oʻzbek tilining shakllanish va rivojlanish tarixiga bagʻishlangan. Oʻzbek tilshunosligi tarixida alohida oʻrin tutadigan "Oʻzbek tili grammatikasi" (1–2 j.lar, 1975–76), "Hozirgi oʻzbek adabiy tili. 1-qism" (1980), 2 j.li "Oʻzbek tilining izohli lugʻati" (1981), "Oʻzbek tili leksikologiyasi" (1981) va boshqa ilmiy asar, darslik, lugʻatlar Hojiyev ishtirokida tayyorlangan. Oʻzbekiston Respublikasining "Davlat tili haqida"gi, "Lotin yozuviga asoslangan oʻzbek alifbosini joriy etish toʻgʻrisida"gi qonunlarini amalga oshirish maqsadida yangi alifbo asosida yaratilgan "Oʻzbek tilining asosiy imlo qoidalari" va "Oʻzbek tilining imlo lugʻati" (1995) ham Hojiyev rahbarligi va ishtirokida tuzilgan. H. hozirgi kunda nashrga tayyorlanayotgan 4 j.li "Oʻzbek tilining izohli lugʻati"ning asosiy tuzuvchilaridan.
Manbalar
tahrir- Oʻzbek tilida qoʻshma, juft va takroriy soʻzlar. T., 1963; Oʻzbek tili sinonimlarining qisqacha lugʻati, T.. 1963;Oʻzbek tilida koʻmakchi fsʼllar. T., 1966; Toʻliqsiz feʼl, T., 1970; Oʻzbek tili sinonimlarining izohli lugʻati, T., 1974; Hozirgi oʻzbek tilida forma yasalishi, T, 1979; Oʻzbek tilida soʻz yasalishi, T, 1989; Termin tanlash mezonlari, T., 1996; Tilshunoslik terminlarining izohli lugʻati, T., 2002.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |