Badaviya, al-badaviya (yohud ahmadiya) - sufiylik tariqati bo'lib unga Misrda Ahmad Badaviy asos solgan.

Tariqat amaliyotda qodiriylar va rifoiylarga yaqin turadi. Ba'zi manbalarda rifoiya yoki shoziliyaning bir qismi sifatida qayd etilgan. Tariqat qarorgohi, asosiy ziyoratgoh - Tanto shahrida joylashgan. Badaviya tariqati tarafdorlari o‘ziga xos qizil rangli kiyim, qizil xirqa va 12 shokilali uzun qalpoq kiyib yurgan, ularning bayroqlari ham qizil rangda bo‘lgan. Ular odatda chorshanba kunlari Tantodagi markaziy ziyoratgohda, maxsus xonalarda va Qohiradagi Husayn masjidida jamoa bo‘lib maxsus qo‘shiqchi xonishi hamda nog‘ora sadosi ostida davra bo‘lib zikr tushganlar. Davra bo‘ylab aylanayotgan zikr ishtirokchilari vaqti-vaqti bilan qo‘llarini oldinga cho‘zib chuqur ta’zim bajo keltirib turishgan.

Badaviya tariqatida Misr xalqining qadimiy islom va xristianlikdan avvalgi diniy e’tiqodlari, urf-odatlari qorishib ketgan. Tarqalishi jihatidan shoziliyadan keyingi o‘rinda turadigan ushbu tariqot Misr diniy hayotida muhim ahamiyat kasb etgan hamda uzoq vaqt mobaynida (XX asrning 50-yillarigacha) Misr xalqi orasida o‘z ta’sirini saqlab kelgan. Ammo, Misrdan tashqarida keng tarqala olmagan. Faqatgina Istanbulda bir necha badaviy takyaxonasi saqlanib qolgan. Badaviya tariqatining boshqaruv asoslari aniq chegaralanmagan. Joylardagi mahalliy xonaqoh va jamoa rahbarlari tariqat rahbariga itoat etib, bazi hollarda undan fatvo olganlar. 1333 yil tariqat asoschisining vorisi Solih Abdu-l-Ol vafotidan so‘ng badaviyaga rahbarlik qilish meros bo‘lib o‘ta boshlagan. Badaviyadan kamida 15ta tarmoq ajralib chiqqan, ularning ayrimlari (mas., dasuqiya-burhoniya) mustaqil tariqatga aylangan. Tariqotda «ilohiy cho‘qintirish» kuni hamda Nil daryosi suvining ko‘tarilishi muddati bilan bog‘liq ya’ni hosildorlikka bag‘ishlangan marosimlar shtkazib turilgan. Bayram sanalari qadimiy qibtiy quyosh taqvimiga qarab belgilangan. Bayramlar vaqtidagi tartib ustidan badaviya a’zolaridan tuzilgan maxsus qo‘riqchilar - Nuh avlodlari nazorat yurgizishgan. Ularning belida yog‘och qilich, qo‘llarida arqon qamchin, bo‘yinlarida turli rangdagi ko‘krakkacha tushib turuvchi munchoq shodalari bo‘lgan. Bosh kiyimlarining tepasida rangli tizimchalardan qilingan tutama (o‘ram) bo‘lgan. Badaviya tariqotidan quyidagi shoxobchalar ajralib chiqqan: salamiya, inbaiya, munaviya, sutuhiya va bayyumiya, matlubiya va boshqalar [1].

Manbalar tahrir

  1. Usmonov, Olimov, Yo'ldashxo'djayev, Faxriddinov, To'ychiyeva, Jabborov, Cho'tmamatov, Rahimov, Komiljonova, Karimova, Nurmuhammedov, Erkaboyeva, Jurayev 2015, s. 29.

Adabiyotlar tahrir

  • Usmonov I, Olimov S, Yo'ldashxo'djayev H, Faxriddinov Z, To'ychiyeva N, Jabborov N, Cho'tmatov J, Rahimov K, Komiljonova Z, Karimova S, Nurmuhammedov D, Erkaboyeva F, Jurayev O Turdiyeva D.. Tasavvuf atamalari. Movarounnahr nashriyoti, 2015 — 360 bet. ISBN 978-9943-12-346-5.