"Bahodir", "botir" — 1) Oʻrta asrlarda turk-moʻgʻul xalqlari qoʻshinida janglarda koʻrsatgan ulkan jasorati va qahramonligi uchun beriladigan faxriy unvon. Chingiziylar davrida Chingizxon avlodidan boʻlmagan zodagonlar, yirik lashkarboshilarga B. unvoni berilgan. Keyinchalik B. maʼnosining ushbu ijtimoiy xu-susiyati yoʻqoladi va B. moʻgʻul zodagonlarining tarkibiy qismiga aylanadi. Turkiyshunos olimlarning fikricha, B. turkiy-moʻgulcha "botir" soʻzining forscha shaklidir.

2) Chingizxon hukmronligi zamonida xonning shaxsiy gvardiyasi. Bunday qism Chingizxon 1203-y. keroyitlar ustidan gʻalaba qilgandan keyin tashkil etilgan. B.lar 1000 kishidan iborat boʻlgan. Tarixchi Nasaviyning (13-asr) maʼlumotiga koʻra, 1221—22-y.larda ularning umumiy soni 10000 kishiga yetgan. B.lar urush vaqtida ilgʻor qism (avangard) bilan birga harakat qilgan. Tinchlik vaqtlarida esa xon qarorgohini qoʻriqlagan.