Bekpoʻlat Umurqulov (1949-yil 25-mart, Boysun tumani, Surxondaryo viloyati, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbekistonlik olim, filologiya fanlari doktori, professor.

Bekpoʻlat Umurqulov
Tavalludi 25-mart 1949-yil (1949-03-25) (75 yosh)
Boysun tumani, Surxondaryo viloyati, Oʻzbekiston SSR
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Ish joylari Termiz davlat universiteti
Taʼlimi Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika instituti
Ilmiy darajasi filologiya fanlari doktori
Ilmiy unvoni professor

Biografiyasi tahrir

Bekpoʻlat Umurqulov 1949-yil 25-mart Boysun tumanidagi Machay qishlogʻida tugʻilgan. 1967-yil Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika institutining filologiya fakultetiga oʻqishga kirib, 1971-yil tugatgan[1]. 1971-1972-yillar Muzrabot tumani „Mehnat zafari“ gazetasida katta adabiy xodim, 1972—1973-yillarda harbiy xizmatda, 1973—1976-yillardaa Muzrabot tumanidagi 1-oʻrta maktabda oʻqituvchi, 1976—1987-yillarda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Til va adabiyot institutida ilmiy xodim hamda Toshkent davlat pedagogika institutida oʻqituvchi, 1987-yildan boshlab Termiz davlat pedagogika institutida oʻqituvchi, 1990-yildan dotsent, 2005—2011-yillarda oʻzbek tilshunosligi kafedrasining mudiri, 2011—2019-yillarda oʻzbek tilshunosligi kafedrasi oʻqituvchisi, 2019—2022-yillarda oʻzbek tilshunosligi kafedrasining mudiri, 2022-yildan Termiz davlat universiteti oʻzbek tilshunosligi kafedrasi professori[1].

Ilmiy faoliyati tahrir

1983-yilda „Hozirgi oʻzbek poeziyasining leksik xususiyatlari“ mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan. „Poetik nutq leksikasi“ (Toshkent, 1990), „Oʻzbek nutqi madaniyati ocherklari“ (Toshkent, 1988) monografiyalari, „Lektor nutqi va badiiy til“ (Toshkent, 1981), „Soʻz tanlash sanʼati“ (Toshkent, 1985) risolalari, „Savod oʻrgatish metodikasi“ (Dushanbe, 1994), „Oʻzbek tili“ (Termiz, 2000), „Oʻzbek adabiy tili“ (Termiz, 2001), „Hozirgi oʻzbek adabiy tilidan mashqlar toʻplami“ (Termiz, 2007), „Hozirgi oʻzbek adabiy tili“ (Termiz, 2009) „Oʻzbek tilining amaliy grammatikasi“ (Termiz, 2018) oʻquv qoʻllanmalar, 100 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi[1]. 2006-yildan Xalqaro Antik dunyo ilmiy akademiyasining professori. 2020-yil professor Ibodulla Mirzayev rahbarligida „Oʻzbek nasriy nutqining lingvo-uslubiy shakllanish asoslari“ mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. 2022-yilda professor ilmiy unvoni berilgan[1].

Manbalar tahrir

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 Oʻzbekistonning taniqli olimlari ensiklopediyasi, 2-tom (oʻzbekcha), Toshkent: Science and Innovation, 2023 — 383 bet. 

Andoza:OʻTOE

Havolalar tahrir