Bern
Bern — Shveysariya poytaxti, Bern kantonining maʼmuriy markazi. Mamlakatning markaziy qismida, Aare daryosining har ikki sohilida joylashgan. Aholisi 140 ming kishi, shahar atrofi bilan birgalikda 300 ming (1995), ko'pchiligi nemis tilida soʻzlashadi.
Bernga 1191-yil asos solingan. 1218-yildan imperiyaning erkin shahri. 1353-yil Shveysariya konfederatsiyasiga qoʻshildi. 1848-yildan Shveysariya poytaxti.
Bern asosan maʼmuriy shahar. Sanoat taraqqiyoti jihatidan Syurix. Bazel shaharlaridan keyinda turadi. Bernda elektro texnika va aniq mashinasozlik (telefon, priborlar, elektr apparaturalari, poligrafiya mashinalari va boshqalar), toʻqimachilik, trikotaj, oziq-ovqat sanoati: yog'ochsozlik, poligrafiya korxonalari mavjud. Muhim transport yoʻllari tuguni. Mamlakatni Gʻarbiy Yevropa shaharlari bilan bogʻlaydigan bir necha temir yoʻl va avtomobil yoʻllar Berndan boshlanadi. Xalqaro aeroport bor. Shaharda bir qancha xalqaro tashkilotlarning markaziy organlari — Jahon pochta ittifoqi byurosi (1874-yildan), Xalqaro telealoqa ittifoqi, Mualliflik huquqini muhofaza qilish xalqaro ittifoqi, Xalqaro transport ittifoqi byurosi va boshqa joylashgan. Unt (1834-yildan), Shveysariya milliy kutubxonasi, konservatoriya, teatr (1903-yildan), ilmiy tadqiqot muassasalari, musiqa maktablari, kutubxonalar, muzeylar (Shveysariya, Alp togʻlari, Tarix, Badiiy va boshqalar) bor. Meʼmoriy yodgorliklaridan gotika uslubida qurilgan shahar boshqarmasining binosi (ratusha, 1406—17), SanktVinsens sobori (1424—1588) va boshqa saqlangan. Turizm rivojlangan. Bernning mamlakatning boshqa shaharlari kabi moliyaviy faoliyati dunyo ahamiyatiga ega.
Adabiyotlar
tahrir- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |