Franchesko Borromini

(Borrominidan yoʻnaltirildi)

Berninidan farqli o‘laroq, uning raqibi, barokko me’morchiligining ikkinchi yirik vakili Franchesko Borrominining (1599-1667) ishi ushbu uslubdagi ekspressiv an’analarning keskinlashuviga misoldir.

Mahoratli me’mor Bernini shaharsozlik xarakteridagi yirik ishlardan va diniy buyurtmalardan biroz chetga chiqqandan so‘ng Borromini me’morchilikda diniy inshootlar qurilishi va klerikalizm tarafdorlari buyurtmalari asosida o‘z yo‘lini topdi.  

Borromini ijodining ilk davrida – filippin rohiblarining oratoriyasida (1637-yilda qurilishi boshlangan) uning me’morchilik san’atidagi xususiyatlari o‘z ifodasini topgan.

Italiya me'morchiligida

tahrir

Italiya me’morchiligida ilk marta bosh fasadni ikki qavatga bo‘lish g‘oyasini inshootlarning bosh fasadi orqali ko‘rsatib berdi. Mazkur fasad egilgan shakllarda ikki qavatga ajratilishi, orderlar tizimiga oid pilyasterlar bilan bezatilgan, murakkab bosh ustunlarga tayangan holda o‘sib boruvchi bezaklar hamda o‘ziga xos fronton bilan bezatilgan. Borrominining keyingi ishlarida borgan sari bunday murakkab shaklda loyihalar soni ortib bordi.

Eng harakterli ijodi

tahrir

Borromini ijodidagi eng harakterli qurilish loyihalarini mafkuraviy qarashlari, badiiy jihatlari Rimdagi San Karlo alle kuatro fontane (1635-1667) va Sant Ivo (1642-1660) cherkovlarida o‘z ifodasini topgan. Cherkovlar rejalari juda murakkabligi bilan ajralib turadi va olti burchakli (San-Ivo) shakldan keyin romb (San-Karlo) yoki uchburchak va sferik nishalarning chiziqlaridan keyin bir tomoni qavariq va bir tomoni botiq devorlarining ritmik almashinuviga asoslangan. Rejaning g‘aroyib shakllari dinamik bo‘lib, ichki tuzilmani doimiy ravishda o‘zgartirish holatida bo‘ladi. Turli burchaklarda bir vaqtning o‘zida ko‘rinadigan ustunlar, pilasterlar, derazalar, nishalar, cheksiz va xilma-xil ko‘rinadi, tomoshabinni o‘ziga jalb qilgan holda butun strukturani anglash, makonning haqiqatini va shakllarning obyektivligini his qilish imkoniyatidan mahrum qiladi.

Fazoviy dinamika

tahrir

Fazoviy dinamika, ayniqsa, Sant Ivo cherkovining ichki qismida yaqqol namoyon bo‘ladi, u yerda devorlarning o‘tkir uchburchak shakllari tashqi tomondan ochiq osmono‘par toj bilan o‘ralgan, yuqoriga intiluvchi g‘ayrioddiy spiral tojsimon gumbaz bilan tugagan. Cherkovning gumbazi spiralsimon pog‘onali bo‘lib, o‘ta hashamdor, metall figuralar orqali “Toj” taqilgan. Bu esa papa tiarasi (Tiara – rim papasining bosh kiyimi) timsolidir. Nafis konstruksiya oltin shar va xoch bilan boyitilgan. Sant-Ivo va San-Karlo cherkovlarining ichki interyerlari nisbatan kichikroq bo‘lib, qandaydir sirli va g‘ayritabiiy harakatlar bilan to‘ldirilganga o‘xshaydi. Kesson va haykaltarosh bezaklar bilan bezatilgan yorug‘lik bilan to‘ldirilgan plafonlar bunday harakatni chegaralamaydi, aksincha, unga cheksizlik xususiyatini beradi. Botiq nishalar orasida o‘rnatilgan ko‘plab haykallar me’morchilikning hissiy ifodasini oshiradi. Cherkovning o‘lchami unchalik katta emas. Uning tuzilishi Borrominining rejasiga binoan me’moriy an’analardan biroz chetlashgan holda, ya’ni markazlashgan rejali emas. (Buni yana biz San – Karlo alle Kuatro Fontane cherkovida ham ko‘rishimiz mumkin) Mohir me’mor italyan barokkosi uslubidagi cherkovda ossimetrik sxemadan foydalanadi. Bunda bir biriga aniq joylashtirilgan uchburchak hosil qilinadi. Natija esa David yulduzini yodga soladi.

•"Umumsan'at tarixi" Abdullayev Obidjon Oripovich Toshkent-2020