Boshqa ishga oʻtkazish — Xodimning mexnat vazifasi oʻzgartirilishi, yaʼni unga bir korxona doirasida boshqa mutaxassislik, malaka yoxud lavozim boʻyicha ish topshirilishi. Xodim vaqtinchalik yoki doimiy asosda boshqa ishga oʻtkazilishi mumkin. OʻzR MKning 92-m.siga muvofiq, boshqa doimiy ishga oʻtkazishga (xodimning mehnat vazifalarini oʻzgartirishga) — boshha mutaxassislik, malaka, lavozimga oid ishni topshirishga faqat xodimning roziligi bilan yoʻl qoʻyilishi mumkin. Mazkur Kodeksning 93-m.siga asosan, xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuv boʻyicha vaqtincha Boshqa ishga oʻtkazishga yoʻl quyiladi. Boshqa ishga oʻtkazish muddati tugagach, ish beruvchi xodimga uning avvalgi ishini berishi shart. Ushbu Kodeksning 94-m.siga koʻra, xodimning vaqtincha Boshqa ishga oʻtkazish haqidagi iltimosi, agar bu iltimos uzrli sabablar tufayli kelib chiqqan va bunday ish korxonada mavjud boʻlsa, ish beruvchi tomonidan qanoatlantirilishi kerak. Vaqtincha Boshqa ishga oʻtkazish uchun uzrli sabablar roʻyxati, shuningdek boshqa ishga oʻtkazilganda mehnatga haq toʻlash tartibi jamoa shartnomasida belgilab quyilishi mumkin, agar bunday shartnoma tuzilmagan boʻlsa, ish beruvchi tomonidan xodimlarning vakillik organi bilan kelishib belgilanadi. Kodeksning 218-m.siga binoan, sogʻligi xolatiga koʻra yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli boʻlgan ishga oʻtkazishga muxtoj xodimlarni ish beruvchi, ularning roziligi bilan, tibbiy xulosaga muvofiq vaqtincha yoki muddatini cheklamay, ana shunday ishlarga oʻtkazishi shart. Kodeksning 226-m.siga muvofiq, tibbiy xulosaga muvofiq xomilador ayollarning ishlab chiqarish normalari, xizmat koʻrsatish normalari kamaytiriladi yoki ular avvalgi ishlaridagi oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan holda yengilrok yoxud noqulay ishlab chikarish omillarining taʼsiridan xoli boʻlgan ishga oʻtkaziladi. Kodeksning 227-m.siga asosan, ikki yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar avvalgi ishini bajarishi mumkin boʻlmagan taqdirda, bolasi ikki yoshga toʻlgunga qadar avvalgi ishidagi oʻrtacha oylik ish haqi saqlangan xolda yengilrok yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli boʻlgan ishga oʻtkaziladi[1].

Manbalar

tahrir
  1. Oʻzbekiston Yuridik ensiklopediyasi