Buddaning “to’rt haqiqati”

Buddaning “to‘rt haqiqati” - ta’limotning asosida “hayot - bu azob-uqubat” va “najot yo‘li mavjud ”degan g‘oyalar yotadi. Inson o‘ziga xos mavjudot bo‘lib, tug‘iladi, o‘zini-o‘zi halok qiladi yoki qutqaradi. Bu g‘oyalar Buddaning ilk da’vatida ta’riflangan “to‘rt oliy haqiqat” haqidagi qarashlarda o‘z ifodasini topgan. “Azob-uqubat haqidagi haqiqat”. Buddaviylikka ko‘ra, har bir tirik jon azob-uqubatni boshidan kechiradi. Shuning uchun ham, har qanday dunyoviy hayot qiynoq, azob-uqubatdir. Tug‘ilish - qiynoq, kasallik - azob, o‘lim -kulfat, qiyinchilikka duch kelish - mashaqqat, baxtsizlik, umidsizlik - azob, sevmagan kishi bilan yashash - azob, suyukli odamingdan ajralib qolish - g‘am, astoydil xohlagan narsangga erisha olmaslik - azob, orzu-havasga yetolmaslik - azob-uqubat. “Azob-uqubat sabablari haqidagi haqiqat" Inson moddiy narsalar yoki ma’naviy qadriyatlarni haqiqiy va doimiy, deb hisoblagani uchun ularga ega bo‘lishga intiladi. Bu intilish hayot davomiyligiga olib keladi. Yaxshi yoki yomon niyatlardan tuzilgan hayot daryosi orzu va intilishlar sababli kelajak hayot uchun “karma” hozirlaydi. Inson o‘z nafsining xohish-istaklariga asir bo‘lgani uchun azob-uqubat girdobida qoladi. Demak, qayta tug‘ilish va yangi qiynoqlarga duchor bo‘lish davom etadi. Aksariyat buddaviy donishmandlar fikricha, Buddadan boshqalar “nirvana” holatiga erisha olmaganlar. “Azob-uqubatlardan xalos bo‘lish haqidagi haqiqat ”. Harqanday o‘y- niyat, orzu-havas va intilishlardan butunlay voz kechish “nirvana” holatiga olib boradi. Bu holatda inson qayta tug‘ilishdan to‘xtaydi. Buddaviylar “nirvana” ruhning oliy holati, deb hisoblaydilar. “Nirvana”da “hayot g‘ildiragidan” ajralish ro‘y beradi, ya’ni kishi barcha g‘am-tashvishlardan xoli bo‘ladi, istagi ham, tuyg‘usi ham, ehtiroslari ham ahamiyatsiz bo‘ladi. “Azob-uqubatlardan qutulishning najot yo‘llari haqidagi haqiqat ”. Budda “xaloskorlikning ajoyib sakkiz yo‘li”ga amal qilish orqali azob-uqubatlardan qutulish mumkinligini ta’kidlagan. Budda ularni quyidagicha talqin etadi:
- to‘g‘ri maslak (dunyoqarash).
“To‘rt oliy haqiqat”ni bilish, idrok etish va unga ishonish;
- to‘g‘ri maqsad. Ta’magirlik, nafs, hirs, badxulqlik, bag'ritoshlik hislaridan xoli bo‘lish, dunyoviy huzur-halovatdan xalos bo‘lish, keraksiz fikrlar va boshqalarga zarar yetkazib qo‘yishdan saqlanishga intilish;
- to‘g‘ri so‘z. Yolg'on, tuhmat, haqorat, manmanlikdan xoli bo‘lish, befoyda gaplardan saqlanish;
- to‘gri sa’y-harakat. O'lim (qon to'kish), o‘g‘irlik, zinodan saqlanish, o‘ziniki bo‘lmagan narsaga ko‘z olaytirmaslik, ortiqcha hissiyotga berilmaslik, o‘zidagi yomon tuyg‘ularni jilovlash hamda ezgu tuygular va harakatlarni rivojlantirish;
- to‘g‘ri turmush tarzi. Noma’qul hayot tarzidan saqlanish, g‘ayri ixtiyoriy harakatlarsiz, birovlarga ziyon yetkazmay yashash;
- to‘gri intilish. Erishilgan muvaffaqiyatlarnirivojlantirish, xaloskorlik yo‘lida yig‘ilgan tajribani asrashga erishish yo‘lida tinmay harakat qilish;
- to‘g‘ri fikrlash (diqqat-e’tibor). Tanaga, hissiyotga, ong va ruhiy holatlarga diqqat-e’tibor qaratish, ularning mohiyatini aniq belgilash, ehtiros va iztiroblarga chek qo‘yish;
- to‘g‘ri mulohaza (o‘z fikr-hayollariga cho‘mish). Hissiy holatlarni tark etish, ko‘tarinki, yuksak bilim va mantiqiy tafakkurga ega bo‘lgan birinchi “bilish bosqichiga” qadam qo‘yish, kundalik hayot tashvishlaridan qutulib, hayrat, zavq-shavq va quvonch olamida kezish[1].

Manbalar

tahrir
  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 98.

Adabiyotlar

tahrir
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.