Buyruq yoki boshqa vazifani ijro etish

Buyruq yoki boshqa vazifani ijro etish — shaxsning buyruq yoki boshqa farmoyishni, shuningdek mansab vazifalarini qonunan bajarishi tufayli zarar yetkazilgan boʻlsa, jinoyat deb topilmaydi. Buyruq, farmoyish yoki mansab vazifalarining qonuniy ekanligini koʻrsatuvchi birinchi shart ularning rasmiy, tegishli suratda boʻlishidir. Buyruq ijro etilishi darkor. U boshqaruv vakolatlari berilgan shaxs tomonidan biror bir xarakatlarni amalga oshirishni qonun yoki qonunosti xujjati asosida talab etishdan iborat. Iltimos, ishontirish, majburlash va x.k. Buyruqlar bilan birga farmoyishlar, koʻrsatmalar va b. beriladi. Ular orasidagi farq xal etilayotgan masalalarning turlicha xarakterga ega ekanligida va ularni qabul etishga xaqli shaxslarning huquqiy holatlarida namoyon boʻladi. Buyruq yoki boshqa farmoyish maʼlum shaklda ifoda etilishi shart emas. Boshqaruvni tashkil etish amaliyotida buyruq va b. farmoyishlar yozma, ogʻzaki va koʻrgazmaviy (belgi, bayroq va hokazo) shaklda beriladi, shuningdek ular aloqaning texnik vositalari yordamida ham berilishi mumkin. Biroq baʼzi hollarda, buyruq yoki boshqa farmoyishlar aniq bir shaklga, odatda, yozma shaklga ega boʻlishi lozim. Bu talabga rioya etmaslik tegishli xujjatning noqonuniyligini bildiradi. Buyruq yoki boshqa farmoyishdan farqli oʻlaroq, mansab vazifalari xodim oʻzi egallab turgan mansabga bogʻliq ravishda undan amalga oshirishi talab etilgan majburiyatlarning doirasini ifodalaydi. Qonunga muvofiq, mansab vazifalari xodim va ish beruvchi oʻrtasida tuzilgan shartnomada yozma ravishda qayd etilishi lozim. Aks holda, mansabga aloqador majburiyatlar shakli noqonuniy deb hisoblanadi. Boshqaruv akti, shuningdek oldindan kelishilgan mansab vazifalari mazmuni jihatdan huquqiy talablarga zid kelmasligi lozimdir. Bunda, nafaqat jinoyat qonuniga, balki qonunchilikning boshqa hujjatlariga, jumladan, qonunosti hujjatlariga ham ziddiyat mavjud boʻlmasligi lozimdir. Jinoiyligi oldindan ayon boʻlgan buyruq yoki boshqa farmoyishni bajarib, jinoyat sodir etgan shaxs, umumiy asoslarda javobgarlikka tortiladi. Gʻayriqonuniy ravishda berilgan buyruq yoki farmoyishni yoxud mansab vazifasini bajarmagan yoki buzgan shaxs javobgarlikka tortilmaydi[1].

Manbalar

tahrir
  1. Oʻzbekiston Yuridik ensiklopediyasi