Chaqiq jinslar
Chaqiq jinslar - choʻkindi togʻ jinslari; turli togʻ jinslari (magmatik, metamorfik yoki choʻkindi togʻ jinslari) hamda minerallar (kvars, dala shpatlari, slyudalar, baʼzan glaukonit, vulkan shishasi va boshqalar) boʻlaklari, parchalaridan tashkil topgan. Chaqiq jinslarning sementlashgan, sementlashmagan va gʻovak turlari mavjud. Sementlashgan Chaqiq jinslarda karbonatlar (kaltsit, dolomit), kremniy oksidlari (opal, xalsedon, kvars), temir oksidlari (limonit, gyotit va boshqalar), gilli minerallar va boshqa bogʻlovchi material vazifasini oʻtaydi. Chaqiq jinslarda koʻpincha organik qoldiqlar, mollyuska chigʻanoqlari, daraxtlarning tana va shoxlari va boshqa boʻladi. Chaqiq jinslar, asosan, strukturali belgi — jins boʻlaklari, parchalari, zarralar oʻlchamiga koʻra tasniflanadi: yirik chaqilgan jinslar yoki psefitlar, zarralarining oʻlchami 1 mm dan ortiq (sementlashmagan jinslar: palaxsa, gʻoʻlatosh, chagʻir toshlar, mayda va yirik shagʻallar; sementlashgan jinslar — konglomerat, brekchiya, gravelit va boshqalar); qum jinslar yoki psammitlar, zarrachalarining oʻlchami 1—0,05 mm (qum va qumtoshlar); changsimon jinslar yoki alevritlar, zarrachalarining oʻlchami 0,05—0,005 mm (alevritlar va alevrolitlar); gilli jinslar yoki pelitlar zarralarining oʻlchami 0,005 mm dan kam (gillar, argillitlar va boshqalar) boʻlgan jinslarga ajratiladi. Chaqiq jinslarga vulkan jinslari ham kiradi. Oltin, platina, qimmatbaho toshlar sochmalari, qalay, volfram minerallari, kamyob va radioaktiv elementlar dare va dengiz kumlarida uchraydi. Chaqiq jinslardan qurilish materiali sifatida, qumdan — shisha va metallurgiya sanoatida foydalaniladi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |