Choʻkindi konlar
Choʻkindi konlar - suv havzalari tubida choʻkindi yigʻilishi jarayonida shakllanuvchi foydali qazilma yotqiziqlari. Ular daryo, botqoq, koʻl, dengiz va okeanlarda hosil boʻlib, dengiz va okeanlardagilari platforma va geosinklinal Choʻkindi konlariga ajratiladi. Dengizda hosil boʻlgan Choʻkindi konlar katta oʻlchamli boʻlib, oʻnlab km ga, katlam svitalari esa yuzlab km ga choʻziladi. Choʻkindi konlar mexanik (qum, tuproq va boshqalar), kimyoviy (tuz, temir va marganets rudasi va boshqalar) va biokimyoviy (neft, kumir va boshqalar) larga ajratiladi. Choʻkindi jinslar va ular bilan bogʻliq boʻlgan Choʻkindi konlarning shakllanishi litogenezning 3 bosqichi: sedimentogenez, diagenez va katagenez orqali boʻladi. Choʻkindi konlar togʻ jinslariga muvofiq yotadi va qatlam yoki tekislik linzalar shaklida boʻladi. Baʼzan metamorfizm va tektonik harakatlar oqibatida ular oʻz shaklini oʻzgartirib, murakkabroq qiyofa hosil qiladi. Choʻkindi konlardagi minerallarning tarkibi minerallarning 3 guruhi bilan aniqlanadi: 1. Chaqiq minerallar (kvars, rutil, baʼzan dala shpatlari, piroksenlar, amfibollar, slyudalar va boshqalar), ular nurash jarayoniga chidamli boʻladi; 2. Kimyoviy nurash mahsulotlari (kaolinit, montmorillonit, suvli slyudalar, opal va boshqalar); 3. Yangi chukindi hosilalar (karbonatlar, tuzlar, fosfatlar, ruda minerallari, kremniyli mahsulotlar va boshqalar). Choʻkindi konlar yirik sanoat ahamiyatiga ega boʻlib, ularga hamma yonuvchi qazilmalar (neft, gaz, kumir, yonuvchi slanetslar), temir, marganets, alyuminiy rudalarining ayrim turlari hamda rangli va nodir metallar (U, Si, V va boshqalar) konlari kiradi. Choʻkindi konlar orasida qurilish materiallari (shagʻal, qum, gil, slanets, ohaktosh, boʻr, dolomit, mergel, gips, yashma, trepel), qazilma tuzlar, fosforitlarning koʻpgina konlari maʼlum.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |