Valixonov Choʻqon Chingizovich (asl ismi Muhammad Xanafiya) (1835, Qushmurun mavzesi, hozirgi Qozogʻistonning Qoʻstanay viloyati — 1865.? 10, Oltinamal mavzesi, hozirgi Qozogʻistonning Toldiqoʻrgʻon viloyati) — maʼrifatparvar-demokrat, tarixchi, etnograf va folklorshunos.

Ablayxonning nabirasi xonadonida tugʻilgan. 1853-yil Omsk kadetlar korpusini tugatgach, Gʻarbiy Sibir gubernatorligida xizmat qilgan. Turkiston va Xitoyga qilingan bir qator ekspeditsiyalarda qatnashgan. 1858-yil musulmon savdogari qiyofasida Tyanshan toglari osha Qashqarga borgan, u yerda Sharqiy Turkiston etn. si va Oltishahar tarixiga oid materiallar toʻplagan. 1860—61-yillarda Peterburgda yashab rus demokratlari gʻoyasi bilan yaqindan tanishgan. V. birinchi qozoq rassomi edi Etn. mavzuidagi koʻplab suratlari uning ilmiy va kundalik daftarlarini bezagan. Dastgohli suratlar va akvarellar ("Katta Oʻrda qozoqlari", "Sari Bagʻish urugʻidan boʻlgan Sartay" va b.) yaratgan.

V.ning ilmiy dunyoqarashi keng qamrovli boʻlgan. U Turkiston va Gʻarbiy Xitoy xalqlarining tarixi va madaniyatiga oid qimmatli tadqiqotlar qoldirgan ("Jungʻoriya ocherklari", 1861; "Qirgʻizlar", 1858; "Ablay", 1861; "Sibir idorasidagi qirgʻizlarda sud islohoti haqida yozishmalar", 1904 va b.). V. Xalq ogʻzaki ijodi namunalari (doston, qoʻshiq, ertaklar)ni yozib olgan. Qirgʻizlarning qahramonlik eposi — "Manas"ning bir qismini birinchi boʻlib yozib olib rus tiliga tarjima qilgan. V.ning oqinlarning ijro etish sanʼatining oʻziga xos xususiyatlari, qoʻshiq turlari, qozoq sheʼriyatidagi vaznlar haqidagi mulohazalari katta qiziqish uygʻotadi. V. oʻz davridagi tuzumning zoʻravonligini, chorizmning mustamlakachilik siyosatini qoralagan, qozoqlarni oʻtroq hayot tarziga oʻtishini, dehqonchilikni targʻib qilgan. Ilmmaʼrifatga erishish va qisman islohotlar yoʻli bilan qozoq ovullaridagi turmush tarzini tubdan oʻzgartirish mumkin deb hisoblagan. V. gʻoyalari Oltinsarin, Abay Qunonboyev va b. qozoq maʼrifatparvarlari asarlarida oʻz rivojini topgan.

Manbalar tahrir

  • Sobraniye soch. v pyati tomax (Vstupit, st. A. Margulana), t. 1—4, Alma-Ata, 1961-68.

Adabiyotlar tahrir

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil