Chodir xayol — oʻzbek anʼanaviy qoʻgʻirchoq teatri turi. Odatda, qoʻgʻirchoqlarning boshi, iyagi, kindagi, tirsagi, bilagi, tizzasi, toʻpigʻi iplar bilan bogʻlanib, bir uchi dastchoʻpga ulanadi. Parda ortida turgan qoʻgʻirchoqboz dastchoʻpdan ushlab qoʻgʻirchoqni saxnaga olib chiqadi va iplarni tortish orqali ularni harakatga keltiradi. Sayilgoh, koʻcha yoki hovlida orti tabiiy toʻsinli joy tanlanib, uz. 5– 6 m, boʻyi 2—2,5 m keladigan rangdor yoki yoʻlyoʻl chitdan parda tutiladi. Uning oʻrtasi kesilgan boʻladi. Chodir deb atalgan bu joyning ortida uz. 3— 3,5 m., boʻyi 20—25 sm keladigan ichki qora chodir boʻlib, uning ham pastki tomoni 180 sm uzunlikda va 70—75 sm balandlikda kesiladi va oʻyin joyi hosil qilinadi. Ichki chodir ostona, ustun, bolor, tirgovuchlardan iborat moslama bilan tiklanib turadi. Yarim metrgacha ichkarida qora orqa parda boʻladi. Tomoshalar, odatda, kechqurun koʻrsatilib, 50tacha qoʻgʻirchoqoʻynatilgan. Chodir xayol Oʻzbekiston hududida taxminan 6-asrda maydonga kelgan. 14-asrning 2-yarmidan 16-asrning boshigacha keng taraqqiy etgan. Dastlab xalq afsonalari, mifologik syujetlar yoritilgan boʻlsa, 18—19-asrlarda unda satirik boʻyoklar bilan saroy hayoti, bozor manzaralari aks etgan. 2 yirik komediya oʻynalgan. Etnograf M.F.Gavrilov tufayli Chodir xayol teatrining "Sarkardalar" komediyasi, P.A.Komarov tashabbusi bilan uning 47 ta qoʻgʻirchogʻi yetib kelgan. Chodir xayolning eng soʻnggi "Saltanat" nomli spektakli (S.Abdulla qayta ishlagan) 1937-yil oʻzbek sanʼati dekadasi munosabati bilan Toshkent va Moskvada koʻrsatilgan.

Ad.Qodirov M., Xalq qoʻgʻirchoqteatri, T., 1972.

Muhsin Krdirov.