Chorsu
Chorsu (forschada chor — "toʻrt", su —"bozor"; chorrahadagi bozor joy) — 1) tarixiy shaharlarning asosiy chorrahasidagi odatda usti yopiq boʻlgan savdo-sotiq joyi; aksari shaharning oʻrtasida qurilib, markaziy mujassamotga ega boʻlgan; 2) umuman savdo-sotiq joyi. Ularning paydo boʻlishi shaharning oʻzi kabi qadimiydir. Misrda "shahar" maʼnosi doira ichidagi chorraha shaklidagi iyeroglif orqali ifodalangan. Qadimgi Rim shaharsozligida chorraha maxsus imorat (tetrapil)lar bilan ajratilgan. Bolqon mamlakatlari meʼmorchiligida Chorsu nomi "charshiya" deb talaffuz etiladi (masalan, Makedoniyadagi Skople va Bitola shaharlarining qadimgi bozorlari). Shahrisabzda Chorsularning yaqqol namunasi saqlangan. Samarqand Chorsusi ham tarixiy shaharning savdo-sotiq markazida, olti asosiy koʻcha yoʻnalishlarining kesishgan joyida barpo boʻlgan (qarang Chorsoʻ). Buxoroda Chorsular "toq" iborasi bilan mashhur: Toqi zargaron, Toqi sarrofon va boshqa. Toshkent, Shahrixon kabi shaharlarda Chorsu binolari sinchdan, yassi tomli qilib ishlangan (saqlanmagan). Xivada Chorsu doʻkonlari koʻproq Ota va Polvon darvozalar koʻchalari boʻylab joylashgan edi.
Manbalar
tahrir
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |