Chuqurlikdagi yoriqlar, oʻta chuqur yoriqlar — Yer poʻstining mantiyagacha boʻlgan qismidagi choʻkindi va magmatik togʻ jinslarining geologik tashkil topish davrlarida tektonik harakatlar tufayli yaxlitligining buzilishi (deformatsiyalanishi, darz ketishi, sinishi va maydalanishi) natijasida hosil boʻlgan zonalar. Uzunligi yuzlab km, chuqurligi 70–80 km va eni bir necha yuz m dan 10 km ga choʻzilgan boʻlib, baʼzi joylarda ular Yer mantiyasigacha kirib boradi. Bu zonalar yirik geologik strukturalar (togʻ tizmalari, choʻkma, vodiy va tekisliklar)ni birbiridan ajratadi va turli shakllarda namoyon boʻlib, chegara vazifasini oʻtaydi. Dastlabki Chuqurlikdagi yoriqlar proterozoy boshlarida (600 mln. yilcha avval) paydo boʻlgan. Chuqurlikdagi yoriqlar taʼlimotiga asos solgan rus olimi A.V.Peyve 1945-yilda "Chuqurlikdagi yoriqlar" terminiga keng taʼrif bergan. Chuqurlikdagi yoriqlar haqidagi taʼlimot geotektonikaning mustaqil boʻlimiga aylandi. Chuqurlikdagi yoriqlar Yer poʻsti va yuqori mantiyaning oʻta oʻtkazuvchan zonalari boʻlib xizmat qiladi, bu zonalarda magmatik oʻchoqlar vujudga keladi va magmatik faoliyat toʻplanadi. Chuqurlikdagi yoriqlarda vulkan mintaqalari, ultra asosli magma mintaqalari, granitoid plutonlari va ruda maydonlari boʻladi. Kontinent, dengiz va okeanlar, togʻli oʻlkalarning chegaralari koʻpincha, Chuqurlikdagi yoriqlar bilan bogʻliq. Ular geofizika usullari, aerokosmik fotosyomka, ayniqsa, chuqur seysmik zondlash, zilzila toʻlqinlari yordamida aniqlanadi va oʻrganiladi. Chuqurlikdagi yoriqlarning yuqori qismi bilan zilzila oʻchoqlariga bevosita bogʻliq. Baʼzan ularning yoʻllari boʻylab neft va gaz konlari qatori joylashadi. Oʻrta Osiyoda, shuningdek, Oʻzbekistonda TalasFargʻona, Fargʻona jan. va shim. hamda Tyanshan jan. chuqur yoriqlari mavjud. Ular geologik strukturalarni va ular bilan bogʻliq boʻlgan foydali qazilma boyliklarni shakllanishida muhim roʻl oʻynagan. Oʻrta Osiyoda Chuqurlikdagi yoriqlarni oʻrganishda H.M. Abdullayev, M.O.Ahmadjonov, T.L.Bobojonov, F.X.Zunnunov, R.N.Ibrohimov, I.H.Hamroboyev, J.H.Yaqubov va boshqa salmoqli hissa qoʻshganlar.

Adabiyot tahrir

  • I.X.Xamrabayev, Glubinnoye stroyeniye litosferi Pamira i Tyanshana. Dinamika i evolyutsiya litosferi, M., 1986.